Prezidentimizning 2026-yil 11-fevraldagi “2026-yilda Navoiy viloyatini barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatiga ko‘ra navbatdagi hududiy dastur emas. U – Navoiy viloyatini resursga tayangan iqtisodiyotdan innovatsiya, qo‘shimcha qiymat va inson kapitaliga asoslangan yangi taraqqiyot modeliga o‘tkazishni nazarda tutgan strategik hujjatdir.
Navoiy zamini qadimdan savdo yo‘llari kesishgan, madaniyatlar tutashgan makon sifatida shakllangan. 2300-yillik tarixga ega Karmana bugun ham o‘tmish va zamonaviylik uyg‘unligining ramzidir. XX asrda esa Navoiy sanoat markaziga aylandi: konchilik, kimyo va energetika tarmoqlari viloyat iqtisodiyotining tayanchi bo‘lib xizmat qilmoqda. Biroq XXI asr sharoitida global raqobat faqat xomashyo eksportiga tayangan modelning yetarli emasligini ko‘rsatmoqda. Endi hududlar innovatsiya, xizmatlar sohasi, turizm va yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar orqali raqobatbardoshlikni ta’minlashi zarur. Mazkur qaror esa aynan shu burilish nuqtasini belgilab berdi.
Qarorda yalpi hududiy mahsulotni 7,9 foizga oshirish, qariyb 5 milliard dollarlik xorijiy investitsiya jalb qilish va 1,5 milliard dollarlik eksportni ta’minlash kabi aniq va ulkan marralar belgilangan. 42 ta yangi konni ishga tushirish rejasi sanoat salohiyatini mustahkamlaydi. Biroq hujjatning eng muhim jihati – inson omiliga ustuvor e’tibor qaratilganidir. 4,5 ming nafar aholini bozor talabiga mos kasblarga o‘qitish, kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish, mahallalarni ixtisoslashtirish – bu raqamlar ortida minglab oilalar taqdiri turibdi. Demak, qarorning bosh maqsadi yalpi ko‘rsatkichlar emas, balki aholi farovonligini oshirishdir.

Mazkur hujjatda Karmana shahrini milliylik bilan uyg‘unlashgan zamonaviy qiyofaga keltirish, “Qadimiy Karmana” turistik markazini barpo etish, tarixiy ziyoratgohlarni restavratsiya qilish vazifalari belgilangan. Viloyatga 600 ming xorijiy va 3 million mahalliy sayyoh kelishini ta’minlash rejasi Navoiyni to‘laqonli turistik manzilga aylantirishni ko‘zlaydi. Bu nafaqat iqtisodiy diversifikatsiya, balki madaniy merosni asrash va hudud brendini shakllantirish demakdir.
440 million kub metr suvni tejash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, markaziy istirohat bog‘ini rekonstruksiya qilish va yashil hududlarni kengaytirish kabi vazifalar iqlim o‘zgarishi sharoitida strategik ahamiyatga ega. Barqaror taraqqiyot iqtisodiy o‘sish bilan bir qatorda ekologik muvozanatni ham talab qiladi.
Hujjat doirasida 39 ta drayver loyiha orqali infratuzilmani yaxshilash, investitsiya muhitini rivojlantirish va ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish vazifalari aniq belgilangan. Moliyalashtirish va amalga oshirish muddatlarining belgilab qo‘yilishi ijroni ta’minlashda mas’uliyatni kuchaytiradi.
Hujjatda alohida e’tibor qaratilgan yo‘nalishlardan biri Xatirchi tumanida mayizchilik klasterini tashkil etishdir. Uzum yetishtirishdan tortib qayta ishlash, quritish, saralash, qadoqlash va eksportga chiqarishgacha bo‘lgan jarayon aniq rejalashtirilgan. Tomchilatib sug‘orish tizimlarining joriy etilishi suv tejamkorligini ta’minlab, hosildorlikni oshiradi. Natijada yangi ish o‘rinlari, barqaror daromad manbalari va eksport salohiyati yuzaga keladi. Bu tashabbus Xatirchini nafaqat viloyat, balki respublika miqyosida mayizchilik markaziga aylantirishi mumkin.
Qiziltepa tumanida chorvachilikka ixtisoslashgan kompaniya tashkil etilishi esa agrosanoat tarmog‘ini diversifikatsiya qilishga xizmat qiladi. Bu tashabbus Tomdi, Navbahor, Uchquduq va Konimex tumanlarini ham qamrab olib, hududlararo kooperatsiyani mustahkamlaydi.
Davlatimiz rahbarining mazkur qarori Navoiy viloyati uchun haqiqatan ham tarixiy burilish nuqtasidir. U xomashyoga tayangan iqtisodiyotdan qo‘shimcha qiymat yaratadigan, inson kapitaliga suyangan va ekologik barqarorlikni ta’minlaydigan yangi modelga o‘tishni anglatadi. Agar belgilangan vazifalar to‘liq va sifatli amalga oshirilsa, Navoiy nafaqat sanoat markazi, balki innovatsiya, turizm va zamonaviy agrosanoat hududi sifatida yangi qiyofada namoyon bo‘ladi.
Bu tarix va kelajak tutashgan nuqta, Navoiy taraqqiyotining yangi sahifasidir.
Nazira Tog‘ayeva,
xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi deputati.
O‘zA