27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni
Oʻzining yorqin solnomasiga ega hudud matbuoti tarixi olis moziyga borib taqaladi. Oʻtgan yillar mobaynida viloyatda oʻziga xos jurnalistika maktabi shakllandi. Turli nomdagi gazeta-jurnallar, teleradio kanallar, matbuot xizmatlari, nashriyot, bosmaxonalar dunyoga keldi. Nomdor, oʻtkir qalamiga ega ijodkorlar, soha fidoiylari, zabardast jurnalistlar, yozuvchi-shoirlar, yosh ijodkorlar kamolga yetdi. Bugun bu haqida har qancha toʻlqinlanib, faxrlanib gapirsak arziydi.
Sohaning sargʻaymas sahifalari...
Navoiy viloyati Respublikamizning eng kenja, navqiron viloyati hisoblansada, uning matbuot tarixi salkam asrga tengdosh. “Qiziltepa tongi”, “Kenimex tanы”, “Karmana ovozi”, “Xatirchi hayoti”, “Nurnoma” va “Tamdы sharuageri” kabi gazetalar 1930-1935-yillarda tashkil topganligi buning yaqqol isbotidir. Ushbu otaxon nashrlar hozirgacha matbuot minbari sifatida jamiyatga xizmat qilib kelmoqda. Bu haqida fikr yuritish chogʻida beixtiyor koʻz oʻngimizda bir paytlardagi hudud matbuotining shakl-shamoyili gavdalanadi.

Har bir tahririyatdagi joʻshqin adabiy muhit, oʻzaro hamjihatlik, maqola yaratish, qoʻlyozmalarni tahrirlash, tahririyat pochtasiga oqib keladigan xat-xabarlar, yozuv mashinkalari ovozi, erta tongdan kech shomgacha, koʻp hollarda ertalabgacha davom etadigan yangi sonni nashrga tayyorlash va chop etish jarayonlari, bitta-bittalab harflarni qoʻlda terish, bosmaxona tashvishlari, erta tongdan yangi sonning qoʻlma-qoʻl boʻlib ketishini oʻylasak odamga huzur bagʻishlaydi.
Oʻsha paytlarda hozirgidek axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanmagani bois, har bir jurnalist va ijodiy jamoa uchun qalb qoʻri, koʻz nurini toʻkib, bitta sonni tayyorlashi ancha mashaqqatli, shuning bilan birga, oʻta masʼuliyatli hol edi. Ayniqsa, oddiy muxbir tayyorlagan, mushtariylardan kelgan xatlar asosida tayyorlangan maqola yoki sheʼr dastavval boʻlim muharriri, masʼul kotib, bosh muharrir oʻrinbosari, kotibiyat, bosh muharrir koʻrigidan oʻtib, shunday sayqal topardiki, maqolalarni oʻqigan sayin oʻqiging kelardi. Xalq ham shunga yarasha intiqlik bilan har kuni pochtachi yoʻlini poylardi. Bu haqida jurnalistikaning keksa avlod vakillarining oʻzidan eshitsangiz, yanada hayratlanasiz va zavqlanasiz. Gurunglarda viloyat matbuotining zalvorli va zafarli yoʻli mamnuniyat bilan tilga olinadi. Ularni eshitib mahalliy matbuot ulkan marrani bosib oʻtganiga imon keltirasiz.

Bunda, shak-shubhasiz, sohaga ilk tamal toshini qoʻygan, matbuot shon-shuhratini yuqori darajaga olib chiqishga katta hissasi singgan ustozlarning mehnatlari beqiyos. Bugungi quvonchli kunlarda ularni eslamasdan, porloq xotirasini yodga olmasdan ilojimiz yoʻq. Viloyat matbuotining haqiqiy dargʻalari boʻlgan Qosim Hasanov, Hamid Moʻminov, Umid Sattorov, Olim Qambarov, Mahmud Mardiyev, Ulash Nurmanov, Yorqul Umarov, Abubakr Shektibayev, Igor Zagoskin, Shukur Nurboyev, Yesinbay Oʻrazimbetov, Narzullo Tilavov, Toshpoʻlat Fayzullayev, Neʼmat Abdurahmonov, Elmurod Rahmonov, Inoyat Rahmonov, Joldasbek Abdurasulov, Malika Toʻxtayeva, Boboqul Mansurov, Abduvahob Pirmatov, Boris Shalatonin, Sharof Habibov, Sabohat Toʻxtayeva, Azamat Safarov va boshqa zahmatkash ustozlar mehnati, ijodi har qanday eʼtirofga munosibdir. Bugun ular safimizda boʻlmasada, ularning ibratli ishlari xalq orasida hamisha barhayot.
Koʻp yillar davomida viloyat matbuot va axborot boshqarmasini boshqargan, faoliyati davomida soha rivojida ulkan ishlarni amalga oshirgan, ustoz jurnalist Ulash Nurmonov ana shunday zahmatkash inson edi. Oʻzining qisqa umri davomida soha rivoji yoʻlida koʻplab xayrli ishlarga bosh-qosh boʻldi. Jumladan, viloyat matbuotining respublikada oʻz oʻrniga ega boʻlishi, jurnalistlar uchun zamonaviy “Matbuot uyi” bunyod etilishi, “Doʻstlik bayrogʻi” va “Znamya drujbы” gazetalari adadi oshirilishi, ushbu tahririyat huzurida zamonaviy texnologiyalarga asoslangan bosmaxona tashkil etilishida bu insonning hissasi beqiyos. Xayrli ishlari matbuotimiz solnomasini bezab turibdi. Xuddi shunday turli yillarda matbuot va ommaviy axborot vositalariga rahbarlik qilgan ustozlarning ham sohaga qoʻshgan ulkan hissasi, tarixda qolgan yutuqlari bor.
Taniqli jurnalist Mahmud Mardiyev haqida ham kasbdoshlar, hudud ahli, respublika matbuoti vakillari, ijodkorlar hali-hamon faxrlanib gapirishadi. Uning serqirra hayot va ijod yoʻli, olijanob fazilatlari, bebaho qobiliyati haqida koʻp eslashadi. Oddiylik va odamiylik xislatlari sohibi boʻlgan bu insondan keyingi avlodlarga yorqin xotira, ibrat olishga arzigulik jihatlar qolgan.
Ustoz… Bu soʻz zamirida ulugʻ mazmun mujassam. Barcha sohalarda boʻlgani kabi matbuotda ham fidokorona mehnati ortidan yuksak sharafga erishgan, obroʻ-eʼtibor topgan insonlar koʻp. Xususan, Ergash Yoqubov, Odil Hotamov, Sharbat Muxtorova, Rahim Roʻziyev, Salima Umarova, Muzaffar Muqimov, Yelezavetta Andreyeva, Ibrohim Jumayev, Dilbar Razzoqova, Rahmonqul Boltayev, Rahim Qodirov, Qurbon Toʻxtayev, Olga Sashina, Muzaffar Sharopov, Doston Mavlonov, Istam Hamroyev, Norjon Nosirova, Klara Bozorova, Istam Hasanov, Bahodir Egamov, Ibodulla Jahongirov, Olim Xoʻjayev, Jumamurod Mirzayev, Nuriya Poʻlatova, Abduhakim Hasanov, Abdumutal Norboyev, Xayrullo Shopoʻlatov, Mansur Aslonov va boshqa ustozlar shunday eʼtirofga loyiqdir.
Ana shunday benazir ijodkorlardan biri Hamdam Eshonqulovdir. Ustoz oʻz mehnat faoliyati davomida “Doʻstlik bayrogʻi” gazetasi bosh muharriri, keyinchalik “Xalq soʻzi” gazetasi viloyat muxbiri boʻlib ishladi. Oʻzining dolzarb mavzulardagi publitsistik maqolalari va yorqin ijodi bilan keng jamoatchilik, ijodkorlar orasida dovruq qozondi. Samimiy, oʻta kamtar va ayni paytda ham ijoddan toʻxtamagan bu insonning mamlakatimiz adabiy muhitida oʻz oʻrni borligi barchamizga cheksiz faxru iftixor bagʻishlaydi.
Viloyat jurnalistika maktabi yurtimiz nufuzli tahririyatlariga isteʼdodli va istiqbolli jurnalistlar, yozuvchi-shoirlarni tarbiyalab bergan. Oydin Hojiyeva, Esirgap Boliyev, Jaloliddin Safoyev, Ashurali Joʻrayev, Hamid Nizomov, Islom Hamro, Aziz Said, Farhod Arziyev, Oybuvi Ochilova, Xosiyat Bobomurodova, Dilshod Islomov, Jaloliddin Toʻxtashev, Xolida Fayziyeva, Vafo Fayzulla, Barnobek Eshpoʻlatov, Feruza Kubrayeva, Elvina Mustafina, Dadaxon Muhammadiyev, Dilnoza Abduhamidova, Zarina Tohirovalarning qalami viloyat adabiy muhitida charxlangan. Ularning aksariyati bugun ham oʻz ijodi bilan matbuotimizda oʻz oʻrniga ega, ijoddan toʻxtagani yoʻq. Yoshi ulugʻ ustozlarimiz esa oila va shogirdlar ardogʻida keksalik gashtini surmoqda.
Viloyat matbuotining taraqqiyoti haqida iftixor bilan soʻz yuritar ekanmiz, uning asosiy ustunlaridan biri hisoblangan matbaachilik yoʻnalishiga ham toʻxtalmasdan ilojimiz yoʻq. Tarixiy manbaalarda keltirilishicha, hududiy nashrlar dastavval “Narpay tuman bosmaxonasi”da chop etilgan. Keyinchalik “Navoiyazot” AJ, “Qiziltepa ADAST” xususiy korxonasi, “Navoiy poligrafservis” ishlab chiqarish korxonasi, Karmana, Nurota, Xatirchi, Qiziltepa, Konimex, Navbahor, Tomdi, Uchquduq tumanlari bosmaxonalarida chop etilgan. 2010-yilda “Doʻstlik bayrogʻi” va “Znamya drujbы” gazetalari tahririyati” davlat korxonasida zamonaviy bosmaxona tashkil etilishi matbaachilikda mutloqo yangi davrni boshlab berdi.
Hayotimizni teleradiosiz tasavvur etolmaymiz. Bu borada hududiy teleradio kanallarning ham faxrlanib gapirishga arzigulik tarixi va oʻrni bor. Viloyat tashkil etilgan yillardanoq teleradiokompaniyasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Keyinchalik “Qizilqum” (keyinchalik “Fazo”), Nurota, Xatirchi, NKMKning “Orion”, “Zafarobod”, “Zarafshon - TV” televideniye va telestudiyalari efir yuzini koʻrdi. Bu dargohlar Raʼno Hakimova, Gʻulom Sultonov, Temur Eshboyev, Hamidullo Qarchigʻayev, Valentina Kornenko, Oʻroloy Turdiyeva, Gʻulom Eshqobilov, Abduvali Nosirov kabi zabardast telejurnalistlarni voyaga yetkazib, elga tanitdi. Ular rahbarligi davrida koʻplab xayrli ishlar amalga oshirildi, yosh ijodkorlar tarbiyalandi.

Bugun viloyat matbuoti, uning shonli yoʻli, yutuqlari haqida soʻz yuritish ham faxr, ham maroqli. Men bu haqida koʻrgan, eshitgan jihatlarga eʼtibor qaratdim, sohaning bilgan bir parchasini eʼtirof etdim, xolos. Hali sohamizda men bilgan va bilmagan xotiralar, eʼtiroflar qancha!? Ushbu maqolada baʼzi bir ustozlar, ularning ezgu ishlari unutib qoldirilgan boʻlishi mumkin. Chunki sohada oʻtgan davr mobaynida bir necha yuzlab ijodkorlar mehnat qilgan va qilmoqda. Bugun ularni nomma-nom aytishning iloji yoʻq. Bu mavzu boshqa hamkasblar tomonidan toʻldirib, kelajakda yaxlit bir tartibga keltirilsa va matbuotimizning tarix kitobi yaratilsa nur ustiga, aʼlo nur boʻlardi.
Mustaqillik bergan imkoniyatlar
Hudud matbuoti mustaqillik yillarida yangi bosqichga chiqdi. Viloyatda matbuot, ommaviy axborot vositalari, matbaa-noshirlik, matbuot xizmatlari jadal rivojlandi. Bu pallaga kelib ijodiy muhit yanada gullab-yashnadi, xalqimizga dolzarb, tezkor axborotlar taqdim etish, materiallar sifati, mazmun-mundarijasi, ijodkorlar faolligi tubdan oʻzgardi.
2015-yilgi statistikaga koʻra, viloyatda 46 ta ommaviy axborot vositalari, jumladan, 32 ta gazeta, 6 ta jurnal, 7 ta televideniye va 1 ta radio, 70 dan ortiq bosmaxona va matbaa boʻlimlari, A.Navoiy nomli nashriyot, matbuot xizmatlari faoliyat yuritgan. Bosma nashrlar oylik adadi oʻrtacha 800 ming nusxani, viloyat televideniyesining haftalik efir vaqti 62 soatni, hudud radiosi efir vaqti esa har kuni 10,5 soatni tashkil etgan. Elektron va bosma ommaviy axborot vositalari ixtisoslashuvi jihatdan oʻzbek, rus, qozoq va qoraqalpoq tillarida nashr etilgan va efirga uzatilgan. Bu raqamlar yosh viloyat uchun katta koʻrsatkich edi. |
Yosh ijodkorlarni tarbiyalash, ularning ijodga qiziqishini oshirish, qobiliyatlarini yuzaga chiqarish va jurnalistlik kasbini tanlashda ijodiy toʻgaraklarning oʻrni beqiyos boʻldi. Bu borada viloyat ommaviy axborot vositalari huzuridagi ijodiy toʻgaraklar, ijodiy tanlovlar muhim rol oʻynadi. Xususan, oʻtgan davrda tahririyatlar huzuridagi “Chashma”, “Nihol” va boshqa ijodiy toʻgaraklar, shuningdek, “Eng yaxshi yosh jurnalist” koʻrik-tanlovi, “Istiqbol gʻunchalari”, “Navoiy yoshlari” kabi yoshlar nashrlari yuzlab navqiron iqtidor egalarini kashf etgani har qanday tahsinga molik.
Hech yodimdan chiqmaydi. U paytlar Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligida ishlardim. Bir kuni rahmatli Ulash Nurmonov telefon qilib qoldi. Viloyatda nashriyot yoʻqligi bois, qancha ijodkorlarimiz sarson-sargardon boʻlayotgani, noshirlik sohasini yoʻlga qoʻyish kerakligi haqida kuyinib gapirib qoldi. Mana shu turtki 2010-yilda Alisher Navoiy nomli nashriyot tashkil etilishiga sabab boʻldi. Oʻtgan davrda ushbu nashriyotda Jahongir Umrzoqov, Saydullo Abdurasulov, Abduxoliq Joʻrayev, Surayyo Mansurova, Abduhakim Hasanov, Abduvali Boʻriyev, Rustam Quvvatov, Sabohat Barakayeva singari soha mutaxassislari ishlab, koʻplab yangi kitoblarni nashr etishga munosib hissa qoʻshdi.
Inson mehnati hamisha eʼtirofi bilan qadrlidir. Hamkasblarimiz zahmati har doim oʻz ragʻbatini topib kelayotir. Bunday eʼtibor va eʼtirof qalamkashlarimizga nafaqat shon-sharaf, balki ijodiga beqiyos ilhom bagʻishlamoqda. Oʻtgan yillar mobaynida oʻnlab navoiylik ijodkorlarning fidokorona mehnati yuksak darajada eʼtirof etilgani hamisha qalblarga gʻurur bagʻishlaydi.
Jumladan, marhum jurnalist Qosim Hasanov va “Doʻstlik bayrogʻi” gazetasi sobiq masʼul kotibi Isroil Xolboyevlar “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist” faxriy unvoni, taniqli publitsist Hamdam Eshonqulov “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, ustoz jurnalistlar Odilqul Hotamov, Sharbat Muxtorova va Salima Umarovalar “Mehnat shuhrati” ordeni, viloyat televideniyesi bosh rejissyori Joʻraqul Eshov, “Inson va qonun” gazetasi viloyat muxbiri Marusa Hosilova va “Tamdы sharuageri” gazetasi sobiq muharriri, marhum Shamil Abdusamatovlar “Doʻstlik” ordeni, marhum jurnalistlar Mahmud Mardiyev, Olga Pushkaryova, shuningdek, ayni paytda serqirra ijod qilib kelayotgan “Uchquduq” gazetasi muharriri Rayhon Qodirova, “Yoshlar” telekanali viloyat muxbiri Xolbibi Safarovalar “Shuhrat” medali, Xurshida Narziyeva, Chamanoy Jonuzoqova, Munisa Aʼzamova, Laylo Orziyevalar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangani ulkan yutuqlardan dalolatdir.
Yurtimiz matbuot maydonida oʻzining serqirra ijodi bilan namuna koʻrsatib, ijodi yuksak bahosini topgan Rahim Maqsudov, Georgiy Trofimov, Abduvali Kuzembayev, Marusa Hosilova, Feruza Kubareva, Nodira Samandarova, Ruslan Saburov va boshqalar “Oltin qalam” milliy tanlovi, shuningdek Salima Umarova, Aleksandr Akimov, Shahnoza Mahmudova, Abdumutal Norboyev, Rahima Qaymoqova, Alyona Gorbachyova, Gulnora Oʻrolova va boshqalar “Yilning eng faol jurnalisti”, “Eng ulugʻ, eng aziz” va boshqa respublika tanlovlari gʻolibligini qoʻlga kiritganidan hamisha faxrlanamiz.
Ayniqsa, 2016-yilda “Doʻstlik bayrogʻi” va “Znamya drujbы” gazetalari tahririyati” davlat korxonasi jurnalistika sohasidagi “Oltin qalam” XI-milliy mukofoti tanlovida matbuot yoʻnalishida faxrli 2-oʻrinni qoʻlga kiritgani viloyat matbuoti tarixida eng olamshumul muvaffaqiyatlardan biri boʻldi. Bu zafar viloyatimiz matbuotiga yuksak shon-sharaf keltirdi va ijodkorlarimizni yanada ruhlantirdi.
Taniqli jurnalist Rahim Maqsudov oʻz mehnat faoliyati davomida oʻziga xos “Qiziltepa tajribasi”ni yaratdi. Ushbu nashr obunasi toʻliq tahririyat orqali tashkil etilishi, gazeta yangi soni chiqqan vaqtning oʻzida bir necha oʻnlab shartnoma asosida ishga qabul qilingan kuryerlar koʻmagida gazetxonlarga oʻz vaqtida yetkazish imkonini bermoqda. Bunda, obunachi oʻz vaqtida tuman va respublika yangiliklaridan tezkor xabardor boʻlishi bilan birga, sevimli gazetasini oʻz vaqtida olayotgani nashrning koʻpming adadini saqlab qolishni taʼminlayapti. Buning natijasida tahririyat pochta xizmatiga beriladigan haqdan iqtisod qilsa, bir qator koʻplab oilalarning moddiy manfaatdorligini ragʻbatlantirishga erishmoqda.
Oʻn yil, hattoki, bir necha oʻn yildan buyon viloyat matbuotida ishlab kelayotgan Nizomiddin Sadriddinov, Anvar Hosilov, Abduhakim Hasanov, Nuriya Poʻlatova Baxtiyor Temirov va boshqa tajribali jurnalistlar hamkasblariga oʻrnak boʻlib kelishayapti. Ular ortidan ergashib kelayotgan Baxtiyor Toshnazarov, Mansur Husanov, Hulkar Gʻafforova, Olim Jalilov, Ruslan Saburov, Oʻtkir Oʻsarov, Lazizjon Bozorov, Boboqand Umarov, Laylo Karimova, Ozod Mustafoyev, Guldana Narimbetova va boshqa ijodkorlar ustozlari yonida ularning anʼanasini davom ettirmoqda.
Qutlugʻ kasb bayrami arafasida viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshligʻi Dilshod Mamarajabov, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy boʻlimi raisi Otabek Aslonov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi raisi Bahriddin Sadriddinov rahbarligidagi boshqarma va uyushmalar tomonidan olib borilayotgan ishlar ham har tomonlama tahsinga munosib.
Davr shiddat bilan oʻzgarib bormoqda. Odamlarning internet tarmoqlari orqali kundalik axborotlarga ega boʻlishga talabi kundan-kunga ortmoqda. Turli tashkilot va idoralar matbuot xizmatlarida ishlayotgan hamkasblarimiz ham zamonga mos axborot tarqatishga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda.
Jurnalistlik ham mashaqatli, ham sharafli kasb. Bu shu kasbni tanlagan kishidan har doim ulkan ijodiy salohiyat bilan birga, chinakam fidoiylik, adolatga tik nazar bilan qarash va xolislikni talab etadi.
Ana shunday olijanob fazilatlar va yuksak sharafga ega boʻlgan hamkasblarimiz mehnati muhtaram Yurtboshimiz tomonidan bejizga: “Inson qalbini, uning dardu tashvishlarini, xalqning orzu-intilishlari, Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻusini betakror soʻz, ohang va ranglarda tarannum etishni oʻz hayotining maʼno-mazmuni deb biladigan siz, muhtaram ijod ahlining mehnati naqadar mashaqqatli, masʼuliyatli va sharafli ekanini barchamiz yaxshi bilamiz”, deya taʼriflanmagan. Bunda, shak-shubhasiz, soha vakillariga boʻlgan yuksak eʼtibor mujassam.
Shu pallada beixtiyor qalblarga ezgu satrlar quyilib keladi:
Ijodingiz gullab-yashnab, palak otar,
Yozganingiz yuraklarga choʻgʻday botar,
Keng ommada ishonch toʻla his uygʻotar,
Tinmay yozish kelmas malol, jurnalistlar,
Kasbingizning noni halol, jurnalistlar!
Adolatni kuylamoqqa bogʻladik bel,
Ezgu yoʻlda birlashaylik hamkasbim kel,
Biz haqiqat tarafdori - ijodkor el,
Jamiyatga sayqal, savlat, jurnalistlar,
Shuning oʻzi katta davlat, jurnalistlar!
Har yili soha xodimlari tomonidan zoʻr quvonch bilan keng nishonlanib kelinayotgan kasb bayrami arafasida, barcha jurnalistlar, yozuvchi-shoirlar, yosh ijodkorlar, matbaachi-noshirlar, mehnat faxriylari va tizim vakillarini 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan samimiy tabriklayman. Ularga sogʻlik-salomatlik, uzoq umr va ijodiy barkamollik tilayman.
Abdumajid JOʻRAYEV,
Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi aʼzosi,
OʻzA