Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy viloyati IIB xabarlari – qisqa satrlarda
19:25 / 2021-01-26

Ichki ishlar akademiyasi bitiruvchi kursantlari Navoiyda malaka oshirmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasining 3-kursida ta’lim olayotgan navoiylik 35 nafar kursant Navoiyda malaka oshirmoqda. Ularga amaliyot rahbari sifatida lavozimida kamida 5 yillik ish tajribasi ega bo‘lgan yuqori malakali xodimlar biriktirilgan.

Dastlab O‘zbekiston Respublikasi IIV O‘z Xavfsizlik boshqarmasi Navoiy viloyati bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik U.Nazarov hamda Navoiy viloyati IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik I.Tillayev kursantlar bitiruv malakaviy ishi oldi amaliyotini o‘tash tartibiga doir umumiy yo‘riqnomalar bilan tanishtirishdi. Ularga o‘rnatilgan tartib hamda amaliyotni o‘tash qoidalariga qat’iy amal qilishlari, o‘quv va xizmat intizomini buzmasligi xususida tarbiyaviy ishlar olib borildi.

– Mashaqqatli va sharafli kasb yukini zimmasiga olayotgan kursantlardan, eng avvalo, namunali tarbiya hamda bitiruv malakaviy amaliyot dasturini muvaffaqiyatli bajarishi talab etiladi, – deydi viloyat IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, polkovnik I.Tillayev. – Soha faoliyatiga oid ko‘nikmalarini yanada oshirishi, mutaxassislik bo‘yicha mustahkam kasb mahoratini egallash va takomillashtirishi, ijtimoiy, tarbiyaviy, tashkilotchilikka doir boy tajribaga ega bo‘lishi ham ahamiyatlidir.

* * *

IIB xodimining avtomashinasini olib qochmoqchi bo‘lgan muqaddam sudlangan shaxs qo‘lga olindi.

1981 yilda Navoiy shahrida tug‘ilgan M.Tarobiy ko‘chasida yashovchi, vaqtincha ishsiz, muqaddam sudlangan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinib, 29.11.2020 yil JIEKdan ozodlikka chiqarilgan fuqaro U.K. IIB xodimining avtomashinasini olib qochayotgan paytda ushlandi.

U.K. o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida 1986 yilda tug‘ilgan Navbahor tumani Arabsaroy mahallasida yashovchi, Navbahor tumani IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish guruhi inspektori J.M.ga tegishli bo‘lgan “Lacetti” rusumli avtomashinasini olib qochmoqchi bo‘ladi. Navoiy shahar Islom Karimov ko‘chasida to‘xtab turgan avtomashinaning eshigini kalit tanlash yo‘li bilan ochayotgan vaqtida, ushbu holatni ko‘rib qolib qarshilik qilgan J.M.ning yuz qismiga bir necha marotaba urib, hodisa joyidan qochib ketmoqchi bo‘lgan.  

Mazkur holat yuzasidan U.K.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

* * *  

Zarafshonda qo‘rqitish yo‘li bilan ta’magirlik qilgan ayolga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Zarafshon shahar IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida 1987 yilda tug‘ilgan Zarafshon shahrida yashovchi, vaqtincha ishsiz fuqaro A.M. g‘arazli niyatlarni ko‘zlab 1981 yilda tug‘ilgan Zarafshon shahrida yashovchi, millati o‘zbek fuqaro R.A.ni cho‘milayotgan holatda videotasvirga tushiradi. Shundan so‘ng, olingan video tasvirni uning ish joyi hamda mahallasiga olib borib ko‘rsatish va tarqatish yo‘li bilan qo‘rqitib, undan 3 million so‘m talab qiladi.

U R.A.dan 1 million 900 ming so‘m mablag‘ni Zarafshon shahridagi “Mo‘’jizalar maydonchasi” savdo majmuasi yonida olayotgan vaqtida IIB JQB tezkor xodimlari tomonidan xolislar ishtirokida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qing‘ir yo‘llar orqali tirikchilik qilishni o‘ziga kasb qilib olgan fuqaro qilmishiga yarasha qonun oldida javob beradi.

* * *

Navoiy shahar IIO FMB TB tomonidan 1994 yilda tug‘ilgan, Navoiy shahar, Qurilish ko‘chasida yashagan Q.Yo. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi, firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritish hamda 176-moddaci 2-qismi, ya’ni qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish holatiga kiruvchi xatti-harakatlarni sodir etganligi uchun ayblanib, unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.

Olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida 2019 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan fuqaro viloyat IIB JQB tezkor xodimlari tomonidan Navoiy shahar hududida ushlangan.

Hozirda mazkur fuqaroga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilab, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Abduvali BO‘RIEV,  O‘zA