English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy viloyati hokimi Namanganga tajriba almashish uchun bordi
17:59 / 2021-12-24

Navoiy viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Normat Tursunov boshchiligidagi hokim o‘rinbosarlari, shahar, tuman hokimlari, boshqarma va tashkitlotlar rahbarlaridan iborat delegatsiya kichik sanoat zonalari tashkil etish va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish yo‘lidagi ishlar bilan tanishish maqsadida Namangan viloyatida bo‘ldi.

Mehmonlar Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov va Namangan shahar hokimi G‘ofurjon Jamolov hamrohligida viloyat markazida davlatimiz rahbarining 2018 yildagi maxsus qarori asosida tashkil etilgan “Orzu”, “Yuksalish”, “Dashtbog‘”, “Barkamol avlod” va “Yoshlik” kichik sanoat zonalariga tashrif buyurib, ushbu hududlardagi “Gabon tekstil”, “Ko’ksaroy”, “Ideal-Orzu tekstil”, “Glass Expo”, “Zamin sanoat”, “Fabrika Nashe”, “Aisha home tekstile” kabi viloyatning yetakchi yengil sanoat, tikuvchilik korxonalari hamda “Usta Komil” gulchilik markazi faoliyatini yaqindan o‘rgandi.

Namangan viloyatida ishlab chiqarish hajmi, yalpi ichki mahsulotlarning ko‘lami kengayib, o‘zimizda ishlab chiqarilgan trikotaj mahsulotlarini nafaqat ichki bozorga, balki jahon miqyosida eksport qilinishiga erishildi.

"Aisha home textile" MCHJ viloyatdagi yirik korxonalardan biri sanalib, joriy yil boshidan buyon 11 million dollarlik mahsulotlarni eksport qilishga muvaffaq bo‘ldi. Korxona o‘tgan vaqt mobaynida 5 ta xalqaro tanlov va ko‘rgazmada faol ishtirok etib, xalqaro sertifakatlarni qo‘lga kiritdi. bugungi kunda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlardan tashqari Saudiya Arabistoni, Ruminiya, Moldova kabi o‘nlab davlatlar bilan doimiy hamkorlik qilib kelmoqda.

Navoiylik rahbarlar “Bunyodkor” mahalla fuqarolar yig‘inida ham bo‘lib, zamonaviy mahalla idorasi binosi, axborot texnologiyalari markazi, 2 ming 500dan ziyod adabiyotlar bilan boyitilgan kutubxona, ko‘p qavatli uylarni ko‘rdi.

Ayni kunlarda “Qishloq qurilish invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan bunyod etilayotgan ushbu ko‘p qavatli uy-joylarning 3 tasi bugungi kunda foydalanishga topshirilgan. Kelgusida, ushbu hududda “Yangi O‘zbekiston” massivi bunyod etiladi, bu yerda yangi maktab, bog‘cha, ijtimoiy soha obektlari va 50 dan ortiq ko‘p qavatli uylar quriladi.

Gullar shahri, deya e’tirof etiladigan Namanganda gulchilikni rivojlantirish borasidagi amaliy ishlar natijasi navoiyliklar e’tiborini tortdi. Mehmonlar borgan "Usta Komil” MCHJ ayni vaqtda 2 millionga yaqin gul ko‘chatlari va urug‘larini yetishtirmoqda. 4 turdagi gullar Surxondaryo, Farg‘ona, Samarqand, Buxoro va Toshkent viloyatlariga yetkazib berilmoqda.

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA