Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy viloyati: g‘o‘za defoliatsiyasini kechiktirganlarga chora ko‘rilmoqda
12:20 / 2022-09-06

Navoiy viloyatida joriy yil paxta hosili uchun 32 ming 588 gektar maydonda g‘o‘za parvarish qilindi. Shundan defoliatsiya o‘tkaziladigan g‘o‘za maydoni 28 ming 655 gektar maydonni tashkil etadi. Shu kunga qadar 24 ming 137 gektar maydonda ushbu agrotexnik tadbir bajarildi. Jarayonga 130 ta OVX purkagich texnikasi jalb etilgan.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasi viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan 4703 gektar g‘o‘za maydonida defoliatsiya tadbiri o‘z vaqtida hamda sifatli o‘tkazilishi yuzasidan nazorat tadbirlari olib borildi.

Nazorat tadbirlari davomida ishchi eritma tayyorlaydigan maskanlar tashkil etilganligi, ularda hovuz yoki sig‘imlar mavjudligi, jihozlanganlik darajasi o‘rganildi. Natijada 178 ta fermer xo‘jalikning 1471 gektar g‘o‘za maydonida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.

Bundan tashqari, nazorat tadbirlarida defoliatsiya o‘z vaqtida boshlanmagan, “otryad-naryad” usulida defoliatsiya qilinmagan, 65-70 foiz ko‘sak ochilsa-da, defoliatsiya kechiktirilgan fermer xo‘jaligi ham mavjud.

– Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli mutasaddi tashkilotlarga to‘rtta taqdimnoma kiritildi, – deydi “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi katta inspektori Burhon To‘ychiyev. – Shuningdek, fermer xo‘jaligi rahbarlariga 123 ta bajarilishi shart bo‘lgan yozma ko‘rsatma hamda 193 ta ogohlantirish xati berildi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, g‘o‘za defoliatsiyasi o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilsa, uning barglari to‘liq to‘kilishi ta’minlanadi. Qator oralarida havo aylanishi yaxshilanib, o‘simlik quyosh issiqligi va nurini yaxshi qabul qiladi. Amalga oshirilgan zarur agrotexnik tadbirlar natijasida o‘simlik tanasida moddalar qayta taqsimlanishi, ko‘saklar pishib yetilishi tezlashadi. Bu esa o‘z navbatida yetishtirilgan paxta hosilini yig‘ib-terib olishda terish mashinalaridan samarali foydalanish va qo‘l terimi sur’atini 20-30 foizga oshirish imkoniyatini yaratadi.

Shu bois g‘o‘za defoliatsiyasi muhim agrotexnik tadbirlardan biri hisoblanadi. Viloyatda agroinspeksiya viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari nazorati ostida mazkur tadbirni sifatli olib borish va o‘z vaqtida yakunlash choralari olib borilmoqda.

 

A.Bo‘riyev, O‘zA