Navoiy viloyati hokimi o‘rinbosari Akmaljon Mahmudaliyev boshchiligidagi delegatsiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanida bo‘ldi.
Ma’lumki, Chimboy tumanining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashish Navoiy viloyatiga biriktirilgan. Viloyatdan kelgan bir guruh tadbirkorlar Chimboyda qiymati 10,5 milliard so‘mlik 4 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlarini muhokama qildi. Navoiyliklar tomonidan Chimboy tumaniga o‘n turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, bolalar uchun turli o‘yinchoqlar, o‘quv qurollari va kitoblar jamlanmalari, sport anjomlari hamda ikkita suv chiqarish uchun zamonaviy nasoslar yetkazildi.

– Tashrif davomida parrandachilik kompleksini tashkil etish, sifatli va arzon ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi, zamonaviy bozor va savdo majmualari, bir qator xizmat ko‘rsatish sohasi bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirish belgilab olindi, – deydi Zarafshon shahar hokimligi axborot xizmati rahbari Umidjon Xudoyqulov. – Hozirgi kunda hujjatlar rasmiylashtirilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlari olib borilmoqda.

O‘tgan vaqt mobaynida Uchquduq, Tomdi, Konimex, Qiziltepa, Navbahor, Xatirchi tumanlaridan mas’ullar Chimboyda bo‘lib, o‘ndan ortiq turli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Xususan, Uchquduq va Tomdi tumanlari mas’ullari hududning Yusupov massividan ajratilgan 1 090 gektar maydonda 5 ta loyihani amalga oshirishni belgilab olgan. Hozirgi kunda fermer xo‘jaliklarining hujjatlari rasmiylashtirilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, Konimex tumani hokimligi tomonidan Chimboy tumanining “Taza jol” ovuli Bo‘zatov bo‘limida mayda shoxli mollarni ko‘paytirish bo‘yicha 300 boshdan 2 ta otar tashkil qilingan. Qiziltepa tumani mas’ullari tomonidan esa 1 ta chorvachilik kompleksini tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan.

Delegatsiya vakillari “Taza jol” ovul fuqarolar yig‘inida bo‘lib, aholi yashash sharoiti bilan yaqindan tanishdi. Kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan oilalarga sovg‘alar berildi. “NKMK jamg‘armasi” DM Zarafshon hududiy boshqarmasi tasarrufidagi “Oltin vodiy” madaniyat uyi xonandalari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.

A.Bo‘riyev, O‘zA