Navoiyda sifati kafolatlanmagan ko‘z linzalari to‘xtatib qolindi.
Qo‘shtirnoq ichidagi soxta tadbirkorlar tomonidan yurtimizda yaratilayotgan imkoniyatlarga qaramay bojxona nazoratidan yashirgan holda noqonuniy ravishda tovarlarni olib kirish holatlari hanuzgacha uchrab turibdi.
Jumladan, Navoiy xalqaro aeroportiga xorijiy aviareys bilan yuborilgan kurerlik jo‘natmalari bojxona xodimlari tomonidan xolislar ishtirokida bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Natijada bojxona nazoratidan yashirilgan va hujjatlarda ko‘rsatilmagan hamda sifati kafolatlanmagan umumiy qiymati 60 million 400 ming so‘m bo‘lgan ko‘z linzalari borligi aniqlandi.
“Yangi yil” bayrami yaqinlashgani sayin pirotexnika vositalariga bo‘lgan talab ortib borishi barchamizga ma’lum. E’tiborli jihati shundaki, mazkur vositalar o‘z foydalanuvchilari hayotiga jiddiy xavf tug‘diribgina qolmay, keksa avlod vakillarining ham tinchligini buzib, ularning sog‘liklariga salbiy tasir ko‘rsatadi.
Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tomonidan Navoiy shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro X.J. 6720 dona pirotexnika vositalarini kelishilgan narxlarda sotayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan to‘xtatib qolindi.
“Yashirin iqtisodiyot”ning asosiy omillaridan biri tovarlarning bojxona chegaralari orqali noqonuniy olib o‘tilishi, ayirboshlanishi va bojxona hududida harakatlanishidir.
Bojxona organlari tomonidan respublikamizda “Yashirin iqtisodiyot”ning ulushini qisqartirish va tovarlarning noqonuniy harakatining oldini olish borasida ham bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tomonidan viloyat DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro K.S. tomonidan umumiy qiymati 200 million 200 ming so‘mlik, jami 143 bosh “Edilboy” zotli qo‘ylar tegishli hech qanday hujjatlarsiz davlat chegarasini noqonuniy yo‘llar bilan kesib o‘tib, respublikamiz hududiga olib kirilayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA