Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy viloyati adliya boshqarmasidan yana bir tashabbus: har bir maktabda huquq sinflari tashkil etiladi
16:46 / 2021-10-03

Navoiy viloyat adliya boshqarmasi hamda viloyat Xalq ta’limi boshqarmalari o‘rtasida mavjud 368 ta umumta’lim maktabida huquq sinflarini tashkil etish, o‘qituvchi va o‘quvchilar o‘rtasida huquqiy savodxonlikni yanada oshirishda huquqiy targ‘ibotning samarali usullaridan foydalanish maqsadida hamkorlik memorandumi imzolandi.

O‘zara muloqot davomida umumta’lim maktablarida “Yosh huquqshunoslar” to‘garagi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, o‘quvchilar uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarda amaliyot darslarini tashkil etish, viloyat adliya boshqarmasi va yuridik texnikumi huzuridagi “Street law”, “Adolat qanotlari” jamoalari bilan ta’lim dargohlarida huquqiy targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

- Yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Siz kelajakda kim bo‘lasiz” mavzusida so‘rovnoma o‘tkazilganda, ularning qariyb 60 foizdan ortig‘i yuridik sohaga qiziqishi borligini bildirgan, - deydi Navoiy shahridagi 16-umumta’lim maktabi direktori Nozima Tog‘ayeva. - Demak, biz o‘quvchilarimizga ana shu yo‘nalishda ko‘proq bilim olishlari uchun imkoniyat yaratishimiz kerak. Shu ma’noda, hamkorlik memorandumining imzolangani barchamizga huquqiy bilimlarimizni yanada oshirishimiz uchun yangi eshiklarni ochadi. Memorandum doirasida ko‘plab loyihalar amalga oshirilishi belgilangan. Men ham bir maktab direktori sifatida o‘quv dargohida mazkur loyihalarni birinchilardan bo‘lib amalga oshirishni rejalashtirdim.

Ta’kidlash kerak, bugungi kunda Navoiy viloyati umumta’lim maktablari bitiruvchilarini oliy ta’limga qamrab olish bo‘yicha respublikada birinchi o‘rinda turadi.

 

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA