Atoqli shoir G‘afur G‘ulomning o‘zbek g‘azalchiligi gulshanida eng xushovoz bulbul bo‘lganligi hammaga ayon.
Uning «Bu atan maqtovlarin har qancha yozsang oz erur», «Dildagi sevgi jilosini jamolidan so‘rang» kabi g‘azallari she’riyatimizning shu janrda yaratilgan eng a’lo namunalaridir. Shoirning «Alisher Navoiy qabri ustida» muxammasi esa tatabbu’ yozish hamda tazmin etishning har qanday shoir o‘rgansa arziydigan porloq namunasidir. Lekin G‘afur G‘ulomning Alisher Navoiy g‘azali asosida yaratilgan «Tun bilan tong» muxammasi o‘zbek adabiyotida Navoiy g‘azallariga qilingan muxammaslar ila orasida eng a’losi desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ko‘zda tutilayotgan muxammasda, avvalo, shoirning muxammas bog‘lash uchun g‘azal tanlashdagi sinchkovligi ko‘zga tashlanib turadi. Nega deganda, Alisher Navoiy XV asrning vakili sifatida o‘sha davr dunyoqarashini ifodalar edi. Shuning uchun ham uning g‘azalini muxammas etishga bel bog‘lagan yangi jamiyat shoiri tanlangan g‘azalning biror bir baytidagi fikr zamona ruhiga mos kelmay qolishini hisobga olish shart edi. Aks holda, muxammasvanislik o‘zga shoir baytlaridagi fikrni to‘ldirishni, kuchaytirishni talab etar ekan, u jiddiy nuqsonga yo‘l qo‘ygan bo‘lur edi. Ulug‘ shoirimiz G‘afur G‘ulom esa bu ishni mahorat bilan o‘rinlatgan. U shoirning sof hayotiy ishq mavzusidagi eng yaxshi g‘azalini tanlab topolgan. Buning ustiga g‘azal o‘ta san’atkorlik bilan yozilgan.
G‘azal tanlangandan keyin shoir oldida g‘oyatda qiyin vazifa turar edi: birinchidan, Alisher Navoiy fikrlariga uyg‘un ravishda, ularni to‘ldira, kuchaytira oluvchi fikrlar ayta bilish; ikiknchidan esa, navoiyona badiiy tasviriy omillar bilan u fikrlarni muzayyan etish. Navoiy g‘azalining o‘ta san’atkorlik bilan yozilganligini qayd etib o‘tdik.
Matla’ni Navoiy tazod san’ati asosida qo‘rib, yorning visolini tongga, o‘zining chekayotgan firoqini esa tunga tashbeh etgan. Yana bu xil tun bilan tong dahrda yo‘q deb tasvirni kuchaytiruvchi fikr ham aytgan.
G‘afur G‘ulom g‘azalga muxammas bog‘lar ekan, matla’dagi mazmunni emas, balki undagi san’atni ham yanada kamolot darajasiga ko‘tarishga musharraf bo‘ladi. U oshiqning «qarog‘i» va yorning «kamoli», oshiqning «zavoli» va yorning «kamoli», oshiqning «quyuq oyi» va yorning «hiloli» orasida favqulodda mahorat bilan zidlik – tazod topib, yuksak badiiylikni yuzaga keltiradi:
Mening qarog‘imu oning jamoli tun bilan tong,
Mening zavolimu oning kamoli tun bila tong.
Mening quyuq mahim, oning hiloli tun bila tong,
Mening firoqimu oning visoli tun bilan tong,
Bu nav’ dahrda yo‘q ehtimoli tun bila tong .
Ki birni ikki deyib bo‘lmagay zamon eliga,
G‘arib zulfu yuz ermasmukim jahon eliga.
Ko‘rinmamish bu ikkining misoli tun bilan tong.
Navbatdagi bandlarda ham G‘afur G‘ulom qalamining muxammaschilikdagi buyuk qudrati ravshan ko‘rinib turadi:
Qilolmadim qaro tun, nurli tong zavolin kashf,
Nafas-nafas o‘tayotgan umring uvolin kashf,
Siyoh haqqi, bu Mirzo kag‘oz jamolin kashf,
Navoiy etmadi zulfu yuzing hayodin kashf,
Va lek erur g‘amining ittisoli tun bila tong.
G‘afur G‘ulom ijodida Alisher Navoiy an’analari mavzui katta bir monografik tadqiqotni talab etuvchi mavzudir. So‘zimizning intihosida ana shunday asarlar yuzaga keltirish yo‘lida g‘ayratli tadqiqotchilarimizga omad tilab qolamiz.
Muslihiddin Muhiddinov,
SamDU professori