Milliy gvardiya Ma’naviyat va ma’rifat markazida Yunusobod tumanidagi ta’lim muassasalari o‘quvchi-yoshlari, “Temurbeklar maktabi” va Harbiy musiqa akademik litseylari o‘quvchilari ishtirokida “Alisher Navoiy va Bobur merosi — beqiyos ma’naviy xazina” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy kecha tashkil etildi.
Tadbir davomida taklif etilgan olimlar va adabiyot ahli tomonidan buyuk mutafakkir Alisher Navoiy, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning boy adabiy-ma’naviy merosi haqida atroflicha so‘z yuritildi. Xususan, Alisher Navoiyning hikmatli so‘zlari insonparvarlik va bag‘rikenglik g‘oyalarining yuksak ifodasi ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarida mujassam bo‘lgan vatanparvarlik, sadoqat va jasorat g‘oyalari haqida to‘xtalib o‘tildi. Uning: «Vatanni sevmoq — imondandur», mazmunidagi qarashlari bugungi yosh avlod uchun ham ibrat maktabi ekani qayd etildi. Darhaqiqat, ijodkor asarlarida ilgari surilgan komil inson g‘oyalari bugungi taraqqiyot davrida ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.
Tadbirning badiiy qismida Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri aktyorlari tomonidan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Alisher Navoiy g‘azallaridan namunalar yuksak mahorat bilan ijro qilindi. Shuningdek, yoshlar tomonidan tayyorlangan adabiy-badiiy chiqishlar tadbirga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Mazkur tadbir yoshlar qalbida milliy qadriyatlarga hurmat, tarixiy merosga sadoqat, ona Vatanga muhabbat va yuksak ma’naviy ongni mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/uJosgPxwSPs" title="Navoiy va Bobur merosi — beqiyos ma’naviy xazina" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nigora Rahmonova,
Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA