O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 oktyabrdagi “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorining 2-ilovasida Alisher Navoiy asarlarining izohli lug‘atini besh jildda tayyorlash va nashr etish vazifasi belgilangan edi.
Ushbu vazifani amalga oshirish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti katta ilmiy xodimi Berdak Yusuf tomonidan tuzilgan “Navoiy tili lug‘ati”ning 2-jildini nashrdan chiqardi. Joriy yilning 22 fevral kuni fond Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi bilan birgalikda mazkur nashr taqdimotini o‘tkazdi.
Besh tomlik lug‘atning ikkinchi jildida to‘rt mingga yaqin bosh so‘zning izohi va misollari o‘z aksini topgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur lug‘at oldingi nashrlardan o‘zining keng qamrovi, Navoiy tilining barcha ma’no tovlanishlarini qamrab olgani bilan farq qiladi.
– Berdak Yusufning mazkur lug‘ati yangi davr navoiyshunosligining katta yutuqlaridan hisoblanadi, – deydi filologiya fanlari nomzodi, adabiyotshunos Zuhriddin Isomiddinov. – Ushbu lug‘at Navoiy muhiblari uchun mutafakkir bobomizning bebaho ilmiy-ijodiy merosini yanada chuqurroq o‘rganishda yaqindan yordam beradi.
Taqdimotda poytaxtning yetakchi ilmiy markazlari xodimlari, yosh tadqiqotchilar, ijodkorlar qatnashib, navoiyshunoslarning galdagi vazifalari haqida ham atroflicha fikr almashishdi.
O‘zA