Mamlakatimiz bo‘ylab Alisher Navoiy tavallud sanasi keng nishonlanmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi alloma bobokalonimiz merosini o‘rganish va targ‘ib etishda samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Bu haqda navoiyshunos olim, filologiya fanlari doktori, ushbu fond rahbari Olimjon Davlatov quyidagilarni bildirdi:
– Shu kunlarda so‘z mulkining sultoni, hazrat Alisher Navoiy tavallud topgan qutlug‘ kunni, ma’naviyatimizning haqiqiy bayramini katta shodiyona bilan nishonlamoqdamiz. Ma’lumki, Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishda ajdodlarimiz merosini o‘rganish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Ayniqsa, muhtaram Prezidentimizning o‘tgan yili ayni shu kunlarda Hazrat Navoiy ijodini jahon miqyosida keng targ‘ib etish hamda Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili” deb e’lon qilish bo‘yicha alohida qaror chiqargani, shuningdek, fond boshchiligida o‘tkaziladigan “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” an’anaviy xalqaro simpozium qatnashchilariga yo‘llagan tabrigi buning yorqin isbotidir. Ushbu tarixiy e’tibor barchamiz, ayniqsa navoiyshunoslar zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi.

O‘tgan bir yil davomida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi. Fondimiz tomonidan xorijiy davlatlarda saqlanayotgan nodir manbalarni Vatanimizga qaytarish bo‘yicha Eron, Turkiya va Xitoy kabi davlatlarga xalqaro ekspeditsiyalar tashkil etildi.
Natijada Navoiy qo‘lyozmalarining O‘zbekistonga qaytishi jonlandi. Xususan, birgina Eron Islom Respublikasidan 170 ta nodir qo‘lyozmaning elektron nusxalari yurtimizga keltirildi. Ular ichida ikkita bebaho durdona borki, bu ilm ahli uchun katta voqeadir. Birinchisi – Hazrat Navoiyning hayotlik davrida ko‘chirilgan va nisbatan eng mukammal hisoblangan “Majolis un-nafois” tazkirasining nusxasi. Ikkinchisi esa Navoiyning o‘z nazari ostida tayyorlangan, temuriy shahzoda Badiuzzamon Mirzoga sovg‘a qilingan mo‘’tabar devon nusxasidir.
Fondimiz o‘zbek adabiyotini dunyoga tanitish yo‘lida ham tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Fondning moliyaviy ko‘magi va tashabbusi bilan Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romani arab tiliga tarjima qilindi va quvonarlisi, ushbu tarjima nufuzli xalqaro Ogahiy mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Navoiy dahosining sarhad bilmasligiga yana bir isbot: pokistonlik taniqli olim G‘ulomali Qizilbosh tomonidan hazratning “Mahbub ul-qulub” asari urdu tiliga tarjima qilindi. Xudo xohlasa, ushbu kitob shu yilning o‘zida nashrdan chiqadi.
Qo‘shni Tojikistonda ham hamkorligimiz samara berib, “Foniy devoni”ning ilmiy-tanqidiy matni O‘zbekiston va Tojikiston olimlari hamkorligida nashrga tayyorlandi. Xo‘jand shahrida “Alisher Navoiy va tojik adabiyoti” monografiyasi chop etildi.
Shuningdek, G‘arb kitobxonlari uchun Alisher Navoiy g‘azallarining ingliz tiliga qilingan yangi tarjimasining maxsus illyustrativ nashri tayyorlandi.
2025 yilda muhim va xayrli, ulkan bir loyiha boshlanganini alohida qayd etmoqchiman. Muhtaram Prezidentimiz qarorida Alisher Navoiy asarlarining 100 jildlik ommabop nashrini tayyorlash vazifasi ham belgilangan edi. Ushbu yo‘nalishda 27 nafar navoiyshunos olimlarimiz bir yoqadan bosh chiqarib, Hazrat Navoiyning barcha asarlari matnini lug‘at va izohlar bilan ta’minlash barobarida ommabop, sodda bayonini ham yaratishga kirishdilar. Ayni paytda 70 jild kitob nashriyotga topshirilib, moliyalashtirilgan 31 jildi nashrdan chiqdi. Nasib etsa, kelgusi fevralga qadar Hazrat Navoiy asarlarining 100 jildligi to‘liq nashrdan chiqib, kitobsevar xalqimiz qo‘liga yetib boradi.
“Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” V xalqaro simpoziumi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti binosida o‘tkazildi. Mazkur simpoziumda 24 davlatdan 52 nafar navoiyshunos olim o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdi. Qo‘qon universitetida Fondimiz hamkorligida “Navoiy va Nizomiy” mavzusidagi nufuzli xalqaro konferensiyaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, Fond boshchiligida bir guruh yetakchi olim va ijodkorlarimiz Misr Arab Respublikasiga xizmat safariga jo‘nab ketmoqda. Safardan asosiy maqsad – Qohira kutubxonalaridagi noyob devonlardan nusxalar keltirish hamda Navoiy asarlarining yangi arabcha tarjimasini Misrda chop etish va tarqatish bo‘yicha muzokaralar olib borishdir.
Bugungi islohotlarning tub mohiyati inson qadrini ulug‘lash, xalq manfaati yo‘lida xizmat qilishga qaratilgan. Hazrat Navoiy aytganlaridek:
Naf’ing agar xalqqa beshakdurur,
Bilki, bu naf’ o‘zungga ko‘prakdurur.
Ilohim, barchamizga xalqimizga naf keltirish, Navoiy bobomiz orzu qilgan komil insonlar jamiyatini qurish nasib etsin.
O‘zA muxbiri N.Usmonova yozib oldi.