English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy shaxmat o‘ynaganmi?
18:57 / 2021-01-11

Shaxmat aqlni charxlovchi, xotirani mustahkamlovchi hamda kishini fikrlash va oqilona qaror qabul qilishga undovchi sport turlaridan biri sanaladi. Qadimdan ajdodlarimiz ham shatranj (shaxmat) o‘yini bilan muntazam shug‘ullanib kelishgan.

Shuni ta’kidlash joizki, hatto Amir Temur davrida saroyda va yuksak doiralarda bu o‘yin keng urf bo‘lgan. Sohibqironning o‘zi shatranjni mahorat bilan o‘ynagan, uning bilimdonlarini saroyga taklif etgan. Bu haqda tarixchi Ibn Arabshoh shunday yozadi: “(Amir Temur) o‘z fikrini peshlash maqsadida muttasil shatranj o‘ynardi. Uning himmati kichik shatranj (o‘ynash)dan oliy bo‘lib, katta shatranj o‘ynardi”.

Shuningdek, Alisher Navoiy serqirra iste’dod sohibi bo‘lish bilan birga shaxmatni ham mahorat bilan o‘ynagan, bu qadimiy o‘yinning nazariy jihatlaridan yaxshi xabardor bo‘lgan. Jumladan, “Lison ut-tayr” va “Saddi Iskandariy” dostonlarida, “Majolis un-nafois” asarida shatranj yurish qoidalari va u orqali chiqariladigan xulosalar bitilgan satrlarni uchratish mumkin.

Ma’lumki, har yili 9 fevral - buyuk bobokalonimiz, shoirlar sultoni Hazrat Mir Alisher Navoiy tavalludini keng nishonlaymiz. Ushbu sana munosabati bilan turli tadbirlar, mushoira kechalari, sport musobaqalari tashkil etiladi.

Bu yil esa Prezidentimizning 2020 yil 19 oktyabrdagi “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra Alisher Navoiy asarlarida teran ifoda topgan milliy va umuminsoniy g‘oyalarning jahon tamaddunida tutgan o‘rnini hamda o‘sib kelayotgan yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish, ular qalbida yuksak axloqiy fazilatlarni tarbiyalashdagi beqiyos ahamiyatini nazarda tutib, shuningdek, ulug‘ shoir va mutafakkirning adabiy-ilmiy merosini mamlakatimizda va xalqaro miqyosda yanada chuqur tadqiq qilish va keng targ‘ib etish belgilangan.

O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi boshqaruvi tashabbusi bilan viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi, viloyat shaxmat federatsiyasi, “Alisher Navoiy nodir merosini targ‘ibot markazi” jamoat birlashmasi tomonidan “Tinchlik” kompaniyasi homiyligida Navoiy shahridagi 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabida Mir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlab 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lganlar yoshlar o‘rtasida 6 yosh toifasida hamda kattalar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha Navoiy viloyat ochiq birinchiligi musobaqasi tashkil etildi.

Musobaqaning ochilish marosimida O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi raisi Faxriddin Soliyev, “Alisher Navoiy nodir merosini targ‘ibot markazi” jamoat birlashmasi raisi, Navoiy davlat pedagogika instituti professori Abduhamid Xolmurodov so‘zga chiqib, Alisher Navoiy qoldirgan boy merosni o‘rganish borasida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar haqida so‘z yuritishdi hamda g‘azal mulkining sultoni nomi bilan yuritiluvchi viloyatda targ‘ibot tadbirlarini yuqori darajada tashkil etish har qachongidan-da muhimligini ta’kidlashdi.

Shaxmat bo‘yicha xalqaro toifadagi hakam Abduraim Buxorov hakamlik qilgan musobaqada viloyatdagi tuman va shaharlardan, shu jumladan, qo‘shni Samarqand viloyatidan 250 nafardan ortiq havaskor sportchilar ishtirok etishdi. Bahslar 7 turdan iborat bo‘ldi.

Musobaqa so‘ngida 7-8 yoshlilar o‘rtasida I-o‘rinni Bekzod Sanaqulov, 9-10 yoshlilar o‘rtasida Avaz Normuhammadov, 11-12 yoshlilar o‘rtasida Sanjar Mustafoyev, 13-14 yoshli bolalar o‘rtasida Barchinoy Shokirjonova 15-16 yoshli o‘smirlar o‘rtasida Dilnura Rabbimovalar qo‘lga kiritishdi. 

17-18 yosh doirasida bo‘lib o‘tgan bahslarda I-o‘rinni Mehriddin Yuldoshev egallagan bo‘lsa, kattalar o‘rtasidagi murosasiz kechgan bahslarda birinchilik Rasul Umarovga nasib etdi.

G‘olib va sovrindorlar O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi va musobaqa bosh homiysi “Tinchlik” kompaniyasining “Diplom”, qimmatbaho sovg‘alari va medallari bilan taqdirlandilar.

8-umumta’lim maktabi o‘quvchilari tomonidan ijro etilgan Alisher Navoiy g‘azallari, sahna ko‘rinishlari, “Besh muhim tashabbus” doirasidagi badiiy ko‘rgazma, shuningdek, yosh sportchilarning chiqishlari barchada katta qiziqish uyg‘otdi.

Abduvali BO‘RIEV, O‘zA