Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy shahrida “Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” shiori ostida targ‘ibot tadbiri boshlandi
11:54 / 2020-11-10

Navoiy viloyatida ham “Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” shiori ostida targ‘ibot tadbirlari boshlandi.

Viloyat markazidagi “Yoshlar markazi”da viloyat hokimligi, O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi hamkorligida shahardagi “Vatan” mahallasida istiqomat qiluvchi aholi vakillari uchun ilk namunali tadbir tashkil etildi.

Ma’lumki, hududlarda “Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish maqsadida respublika dasturi ishlab chiqilib, Ishchi guruhlari tashkil etilgan edi. Taniqli olimu shoirlar, aktyor va yozuvchilar, iqtidorli yoshlar va san’atkorlar viloyatdagi 320 ga yaqin mahalla va ovullarga tashrif buyurib, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga ta’sirchan usullarda yetkazishadi.

Ayni paytda aholining kayfiyatini ko‘tarish, ularda islohotlarga daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlash, mehr-oqibat, shukronalik, o‘zaro yordam kabi milliy va umuminsoniy qadriyatlarni yanada kuchaytirishga qaratilgan ushbu tadbirda yoshlar o‘z iste’dod va mahoratlarini namoyish etmoqda. Tadbir ishtirokchilari markaz foyesida yoshlar tomonidan chizilgan rasmlar, hunarmandchilik, robototexnika kabi ko‘rgazmalar va sport musobaqalarida bunga guvoh bo‘lmoqda.

– Albatta, yangi O‘zbekistonga yangicha dunyoqarash bilan boqish, yosh avlodni o‘tmishimiz, boy tariximiz bilan tanishtirish, mamlakatimizdagi tinchlik va farovonlik, ahillik va birdamlik, totuvlik va barqarorlikning qadriga yetish kabi insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalash, ta’lim va tarbiya sohasidagi faoliyatning jadallashishi va pirovardida, taraqqiyotning uchinchi renessans davriga poydevor bo‘layotganligi barchamizni quvontiradi. Aynan bugungi tadbir ham shu maqsadlarga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir, – deydi Navoiy davlat pedagogika instituti proreyetori, tarix fanlari nomzodi Xurshid Qurbonov.  

Tadbir davom etmoqda.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA