Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy shahri: islohotlar samara va istiqbol
12:12 / 2020-12-11

Navoiy shahridagi yuridik texnikum majlislar zalida xalq deputatlari shahar kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Xalq deputatlari Navoiy shahar kengashi deputatlari, shahar tizimidagi ijro hokimiyati va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, nodavlat tashkilotlar va jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan sessiyada shahar hokimi Muhiddin Bazarov 2020 yilda hududda amalga oshirilgan asosiy ishlar va 2021 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida shahar ahliga murojaat qildi.

E’tirof etish kerakki, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2020 yil davomida ham iqtisodiyot tarmoqlarini zamon talablari asosida modernizatsiya qilishga alohida e’tibor qaratildi. Bu orqali hududlarning imkoniyatlarini to‘la yuzaga chiqarish hamda aholi farovonligini oshirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratilib, tashabbus va takliflar qo‘llab-quvvatlanmoqda.  

Xususan, yil yakuni bilan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 115 foizga, xalq iste’mol mollari 110 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 106 foizga, qurilish ishlari 107 foizga, chakana savdo aylanmasi 108 foizga va xizmatlar hajmi 109 foizga o‘sishi ta’minlanadi.

Bundan tashqari, o‘rtacha aholi jon boshi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda 272 milliard so‘m, xalq iste’mol mollari ishlab chiqarishda 5 million 800 ming.so‘m, qurilish ishlarida 4 million 900 ming.so‘m, chakana savdo aylanmasida 13 million 4 ming.so‘m va xizmatlar hajmida 14 million 6 ming.so‘mga to‘g‘ri kelmoqda.

bugungi kunda shaharda 3 ming 963 ta tadbirkorlik sub’ektlari mavjud bo‘lib, joriy yilning yanvar-noyabr oylarida 701 ta kichik biznes sub’ektlari tashkil etildi.  

Ushbu yangidan tashkil etilgan kichik biznes sub’ektlari hisobidan byudjetga jami 1 milliard 600 million so‘mdan ortiq miqdorida tushum tushirilib, qo‘shimcha 901 ta yangi ish o‘rni yaratildi. 2021 yilda esa 900 taga yaqin yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etiladi.

Joriy yilda umumiy qiymati 233 milliard 559 million so‘mlik 58 ta loyiha ishga tushirildi. Ushbu loyihalarning ishga tushishi natijasida 575 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Kelgusi yilda ham 90 ga yaqin loyihalar ishga tushirilishi va mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilmoqda.

Eksport hajmi esa 30 million 431 ming AQSH dollarga bajarilib, ayni paytda 9 ta xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik qilinmoqda  

Aholi turmush farovonligi darajasini oshirish hamda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida oxirgi 3 yil davomida jami 59 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘i ajratildi. Hunarmandchilik sohasi uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar va ko‘rilayotgan choralar natijasida Navoiy shahrida mazkur yo‘nalishda 619 nafar kishining bandligi ta’minlandi.

So‘nggi 5 yil davomida shaharda tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan jami 103 ta ko‘p qavatli uylar bunyod etilgan. 5 ming 368 ta oila uy-joy bilan ta’minlangan. 2021-2022 yillarda Navoiy shahar hududida 67 ta 5000 xonadonli ko‘p qavatli uy-joy qurilishi rejalashtirilgan.

Shaharda joriy yilda aholi uchun arzon uy-joylar qurish dasturiga asosan 5 ta 7 qavatli jami 205 xonadondan iborat, umumiy loyiha qiymati 53 milliard 500 million so‘mlik uy-joylar bunyod etilgan. Shaharda yanvar-noyabr oylarida 1 ming 131 ta korxonalar o‘rganilib, 4 ming 898 ta ish o‘rni legallashtirildi. Natijasida byudjetga 3 milliard so‘m mablag‘ undirildi. Bundan tashqari, 1 ming 726 nafar fuqaro o‘zini-o‘zi band qilish bo‘yicha hisobga olindi.

Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida birgina Navoiy shahar hokimligiga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 3 ming 779 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 1 ming 456 tasi qanoatlantirilgan, 2 ming 112 tasiga tushuntirish berilgan, 78 tasi rad etilgan, 113 ta murojaat esa ko‘rib chiqilmoqda.

Koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozning iqtisodiyot, shu jumladan tadbirkorlik faoliyatiga ta’sirini yumshatish va biznes vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 20 ga yaqin farmon va qarorlari qabul qilindi.

Ushbu farmon va qarorlar asosida pandemiyadan zarar ko‘rgan 936 ta kichik biznes sub’ektlari mulk va yer solig‘idan ozod qilindi. 86 ta tadbirkorga foydalanilmayotgan yer uchastkalari va ob’ektlari uchun yuqori stavkalarni tatbiq etish va jarimalarni undirish to‘xtatildi.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 26 martdagi “Iqtisodiyotni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirishga oid davlat siyosatini tubdan yangilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida shahardagi 46 ming 626 ta oilalarning yashash sharoitlari to‘liq o‘rganib chiqilishi natijasida ehtiyojmand va yordamga muhtoj hisoblangan 1 ming 412 ta oilalar va ularning 5 ming 252 nafar oila a’zolarining ro‘yxati shakllantirilib, “temir daftar”ga kiritildi.

“Temir daftar”ga kiritilgan oilalarda 1 ming 547 nafar mehnatga layoqatli fuqarolar mavjud bo‘lib, ularning 1 ming 545 nafarining bandligi ta’minlandi. Xususan, 632 nafari o‘zini-o‘zi band qilgan bo‘lsa, 192 nafariga “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturi doirasida imtiyozli kreditlar ajratildi.

Maktabgacha ta’lim tizimiga ta’lim sifatini oshirish bugungi kunning ustuvor masalalaridan biridir. Shaharda istiqomat qilayotgan bolalarining 95 foizi maktabgacha ta’limga qamrab olingan. Yil yakuniga qadar shaharda yana 6 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda 1 ta davlat xususiy sherikchilik asosidagi bog‘cha faoliyatini boshlaydi. 2021 yilda esa 8 ta oilaviy va 4 ta xususiy shakldagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etish orqali 690 nafar bolani maktabgacha ta’limga qamrab olish rejalashtirilgan.  

Joriy yilda maktabni bitirgan 2 ming 401 nafar o‘quvchi-yoshlarning 1 ming 488 nafari, ya’ni 62 foizi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi. Buning natijasida maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha Navoiy shahri Respublikada birinchi o‘rinni egalladi.

Joriy yilda “Zamonaviy maktab” loyihasi doirasida hamda Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, jami 14 milliard 700 million so‘m mablag‘ evaziga 3 ta maktabda ta’mirlash ishlari olib borildi.Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, joriy yil davomida shahardagi 3 ta mahallada birorta jinoyat sodir etilmadi, 5 tasida oshdi, 10 tasida barqaror saqlandi hamda 13 tasida kamayishiga erishildi.

2021 yilda 15 milliard so‘m mablag‘ hisobiga Qo‘g‘irchoq teatri binosi qurilishi belgilandi. 6 million 400 ming. so‘m mablag‘ evaziga shahar madaniyat markazi binosini qurish, Navoiy shahar Alisher Navoiy nomli markaziy madaniyat va istirohat bog‘i hududida sirk tashkil etish rejalashtirilgan.

2020 yilda tijorat banklari tomonidan 120 nafar tadbirkor xotin-qizlarga 1 milliard 560 million so‘mlik kredit, “Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash” jamoat fondi hisobidan 33 nafar xotin-qizlarga jami 580 million so‘mlik imtiyozli kredit ajratilgan.  

Xullas sessiyada ta’kidlanganidek, 2021 yilda 900 ga yaqin tadbirkorlik sub’ekti tashkil etiladi, 1 trillion so‘mlik hamda 29 million dollarlik xorijiy investitsiya ishtirokida 90 ga yaqin loyiha ishga tushiriladi. 33 ta mahsulotni mahalliylashtirish hisobiga 31,3 million dollar iqtisod qilinib, 30,6 million dollar eksport amalga oshiriladi. Shahar hududida 67 ko‘p qavatli uy-joy quriladi va 6,2 kilometr markaziy ko‘cha kengaytiriladi, 700 metrga yaqin yo‘l yangidan quriladi. Shuningdek, 8 ta oilaviy, 4 ta nodavlat MTT tashkil etilib, Prezident maktabiga tamal toshi qo‘yiladi.

Sessiya yakunida shahar hokimi Muhiddin Bazarov, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Odil Hasanov ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda hokim va viloyat hokimi birinchi o‘rinbosari jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Abduvali Bo‘riyev,  

Siroj Aslonov (foto), O‘zA