Bo‘stonliq tumanida Toshkent viloyati hokimligi hamda bir qator hamkor tashkilotlar tomonidan buyuk mutafakkir, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan ilk bor “Navoiy – ma’rifat, ilm va inson kamoloti timsoli” shiori ostida “Navoiyshunoslar forumi – 2026” anjumani o‘tkazildi. Ushbu anjuman yurtimizda navoiyshunoslik yo‘nalishidagi muhim ilmiy-ma’naviy voqea bo‘ldi.
Forum boshlanishidan avval shoir va ijodkorlar, olim ziyolilar Erkin Vohidov haykali poyida ma’rifiy tadbir o‘tkazilib, buyuk shoirlar ijodidan baytlar o‘qildi. So‘z va tafakkurga hurmat bajo keltirildi. Bu ramziy tadbir forumga o‘zgacha ruh va ma’naviy kayfiyat bag‘ishladi.

Shundan so‘ng forum o‘z ishini boshladi. Unda olimlar, navoiyshunoslar hamda soha vakillari ishtirok etib, Alisher Navoiy merosini o‘rganish, uni keng targ‘ib etish borasida o‘z fikr va takliflarini bildirdilar. Ilmiy muloqotlar ochiq, samimiy va sermazmun ruhda kechdi.

Toshkent viloyati hokimining o‘rinbosari Otabek Sultonbekov, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi direktori Olimjon Davlatov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushma raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, shuningdek, turkiyalik olim Kemal Yavuz Ataman va eronlik tadqiqotchi Farhod Rahimiyning ma’ruzalari tinglandi.

Ta’kidlanganidek, Navoiy ijodining badiiy-estetik qudrati, turkiy til taraqqiyotidagi tarixiy o‘rni, uning ma’naviy-ma’rifiy merosining yoshlar tarbiyasidagi beqiyos ahamiyati bor. Ishtirokchilar Navoiyni nafaqat mumtoz shoir, balki milliy tafakkur me’mori, ma’rifatparvar davlat arbobi va til siyosati asoschilaridan biri sifatida e’tirof etdi.

Badiiy kechada taniqli xonandalar va el suygan san’atkorlar tomonidan Navoiy g‘azallariga bastalangan kuy-qo‘shiqlar ijro etilib, mehmonlarga unutilmas zavq ulashdi.
Forum yakunida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, nashrlar, tarjimalar va akademik almashinuvlarni kengaytirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi. “Navoiyshunoslar forumi – 2026” esa Navoiy poydevor qo‘ygan so‘z saltanatining bugungi avlod qalbidagi yangi sadosi bo‘ldi.
A.Musayev, O‘zA.