Har yili 9 fevral — buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy tavallud kunini keng nishonlash xalqimizning ezgu an’anasiga aylangan. Bu sana nafaqat ulug‘ shoir xotirasini yod etish, balki uning bebaho ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Joriy yilda mutafakkir shoir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi nafaqat yurtimizda, balki xorijiy davlatlarda ham keng nishonlanmoqda. Shu munosabati bilan Boyovut tumani Madaniyat saroyida Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy kecha tashkil etildi.

Tadbirda ishtirok etgan tuman hokimi Niyoz Xazratqulov hamda davlat va jamoat tashkilotlari mas’ullari o‘z chiqishlarida jahon adabiyoti va tafakkuri ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ alloma Alisher Navoiy hayoti va ijodini o‘rganish, uning ma’naviy merosini asrab-avaylash va keng targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdilar. Ayniqsa, bunday tadbirlar yosh avlodning adabiyotga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ular qalbida vatanparvarlik, milliy g‘urur va ma’naviy immunitetni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
– Alisher Navoiy qalamiga mansub insonparvarlik, adolat, muhabbat va ma’rifat g‘oyalari tarannum etilgan nodir devonlar, betakror g‘azal va dostonlar bashariyat tamadduni va adabiyoti ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shib kelmoqda. Ushbu asarlar necha asrlar o‘tgan bo‘lsa-da, o‘z qadr-qimmatini aslo yo‘qotmagan, – dedi tadbirda so‘zga chiqqan tuman hokimi Niyoz Xazratqulov.

Tadbir davomida Alisher Navoiy tomonidan qoldirilgan boy ma’naviy meros asrlar osha xalqimiz tomonidan sevib mutolaa qilinayotgani alohida e’tirof etildi.
Adabiy-ma’rifiy kechada so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiyning boy ijodiy merosi, uning milliy va jahon adabiyoti rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi xususida atroflicha so‘z yuritildi. Shuningdek, badiiy jamoalar hamda yoshlar tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari, o‘qilgan g‘azallar va ijro etilgan qo‘shiqlar tadbirga yanada ko‘tarinki ruh, alohida fayz bag‘ishladi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri