Tashqi suv ta’minoti birlashgan energoxizmati tashkil etilganiga 55 yil to‘ldi
Mamlakatimiz hududida iste’mol qilinayotgan suv miqdorining 95 foizi daryo va soylardan olinadi. Ana shunday yirik daryolardan biri hisoblangan Amudaryodan Zarafshon ishlab chiqarish hududini doimiy suv bilan ta’minlash maqsadida “NKMK” AJ Markaziy kon boshqarmasiga qarashli Tashqi suv ta’minoti birlashgan energo xizmati tashkil etilgan.


1964 yil 11 iyunda 208 kilometrlik masofada diametri 1220 mm lik 1-suv yo‘nalishida suv quvurlari qurilishi ishlari boshlanib, 1969 yilning 27 mayida mazkur inshoot foydalanishga topshirilgan.
Bugungi kunda Tashqi suv ta’minoti birlashgan energo xizmati 1000 kilometr masofadan suv quvurlari orqali Zarafshon va Uchquduq shaharlari, “Bessopan”, “Muruntog‘”, “Dovgiztog‘”, “Auminzo-Amantoy” sanoat ishlab chiqarish korxonalarini texnik va ichimlik suvi hamda “Bessopan-Muruntog‘” maydoni korxonalarini issiqlik energiyasi bilan ta’minlab kelmoqda. Shu yil ushbu korxona tashkil topganiga 55 yil bo‘ldi. Ana shu yubiley munosabati bilan korxonada bayram tadbiri o‘tkazildi.


Tadbirda Markaziy kon boshqarmasi ma’muriyati, TSTBEX ishchi-xodimlari va mehnat faxriylari ishtirok etdi. Kombinatdagi ko‘p yillik fidokorona mehnati, korxonaning ishlab chiqarish faoliyatiga qo‘shgan hissasi, Markaziy kon boshqarmasining 60 yilligi hamda Tashqi suv ta’minoti birlashgan energoxizmatining 55 yilligi munosabati bilan korxonaning bir guruh ishchi-xodimlari 3-darajali “Konchilik shuhrati” nishoni, faxriy yorliq va tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.


Shuningdek, korxona ishchi-xodimlarini sport bilan hamnafas qilish maqsadida futbol stadioni qayta ta’mirlanib,foydalanishga topshirildi.
Tadbir yakunida “Oltin vodiy” kombinat madaniyat saroyida ijro etilgan kuy-qushiqlar esa barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Aziza Irisova,
“NKMK” AJ Markaziy kon boshqarmasi xodimi.
O‘zA