Bu haqda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi. “NKMK” AJ hamda “AI Alliance” vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda kombinatga “Sun’iy intellekt alyansi”dagi ishtirokini tasdiqlovchi sertifikat topshirildi.
Qayd etilganidek, mazkur alyansda ishtirok etish korxona uchun sun’iy intellektni ishlab chiqarish jarayonlariga joriy etish bo‘yicha ilg‘or tajribalardan foydalanish, sohadagi ekspertlar bilan hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma tashabbuslar hamda sinov loyihalarda ishtirok etish imkonini beradi. Shuningdek, bu hamkorlik korxona mutaxassislarini o‘quv va ekspert dasturlariga jalb qilish, sun’iy intellektni joriy etish uchun mas’ul jamoalarni tayyorlash sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, alyans doirasida intellektual yechimlarni joriy etishda ma’lumotlar sifati, xavfsizlik va xavflarni boshqarish bo‘yicha yagona yondashuvlarni qo‘llash, shuningdek, texnologik hamkorlikni kengaytirish va yangi ishlab chiquvchilar hamda tashkilotlar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari yaratiladi.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, mazkur hamkorlik “NKMK” AJda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish jarayonlarini yanada jadallashtiradi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA