Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy ijodi Turkiyada o‘rganilmoqda
14:56 / 2026-02-09

Turkiyaning Najmiddin Erbakan universitetida Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga bag‘ishlangan “Alisher Navoiyning turk adabiyotidagi o‘rni va ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Toshkent kimyo xalqaro universiteti tashabbuusi bilan tashkil etilgan mazkur tadbirda universitet professori Gulnoza Odilova Sharq Renessansida Navoiyning tutgan o‘rni, uning turkiy til rivojiga qo‘shgan hissasi haqida ma’ruza qildi. 

Ta’kidlanganidek, XV asrda Temuriylar saltanatida turkiy til turli qarshiliklarga duch kelgani, bu holat uning ijtimoiy va estetik jihatdan kamsitilishiga olib kelgan. Ana shunday murakkab ijtimoiy-ma’naviy sharoitda Alisher Navoiy milliy o‘zlik, til va madaniyat masalalariga o‘zining “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida alohida e’tibor qaratganiga alohida urg‘u berildi. 

Darhaqiqat, ushbu asar faqat ikki til qiyosiga bag‘ishlangan risola emas, balki turkiy xalqlarning milliy ongi, ma’naviy o‘zligi va madaniy mustaqilligini anglashga qaratilgan ulkan ilmiy-ma’rifiy meros hisoblanadi.

Shuningdek, tadbir doirasida Toshkent kimyo xalqaro universiteti tomonidan chop etilgan “Sharq durdonalari” nomli kitob taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Ushbu kitobda Navoiy devonlaridan saralab olingan 100 dona hikmatning turk, ingliz, xitoy tillariga tarjimalari jamlangan. 

Tadbirda Najmiddin Erbakan universiteti talabalari tomonidan Navoiy ijodidan namunalar o‘qildi. Yig‘ilgan professorlar va talabalar turkiy xalqlar birdamligi kun tartibiga chiqqan hozirgi paytda Navoiy ijodi Turkiyada o‘rganilishi nihoyatda muhim ekanligini ta’kidladilar.

Shahlo HALIMOVA,

Toshkent kimyo xalqaro universiteti o‘qituvchisi.