Mamlakatimizda Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan rang-barang adabiy-badiiy, musiqiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti pedagogik jamoasi va talabalari tomonidan “Navoiy gulshani – dillar bo‘stoni” nomli teatrlashtirilgan musiqiy dastur adabiyot ixlosmandlari e’tiboriga havola etildi.

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti ijodiy jamoasi tomonidan tashkil etilgan mazkur badiiy kechada Alisher Navoiy ijodiy merosi kuy, qo‘shiq, raqs va sahna chiqishlari orqali izchil va badiiy yaxlitlikda yoritildi.
– Alisher Navoiyning ijodi insonni ma’naviy komillik, yetuklik sari chorlaydi, – dedi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori Noderbek Sayfullayev. – Ushbu dasturni tayyorlash jarayonida pedagoglar va talabalarimiz tomonidan buyuk shoir bobomizning merosiga chuqur va mukammal e’tibor qaratishga harakat qilishdi. Bu esa shoir ijodini tomoshabinlarga musiqiy va she’riy namunalar asosida teranroq yetkazish imkonini bergani bilan ahamiyatlidir.

Dastur davomida Alisher Navoiy so‘zlariga bastalangan asarlar bilan bir qatorda, badiiy kompozitsiyalar, ko‘p tillarda yangragan ruboiylar, folklor va zamonaviy talqindagi sahna chiqishlari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Konsert dasturida institutda faoliyat olib borayotgan taniqli ustoz san’atkorlar bilan bir qatorda iqtidorli talaba-yoshlar ishtirok etib, mumtoz adabiyot va milliy san’at an’analarining uzviy davomchisi ekanliklarini namoyon etdi. Ashula, raqs va teatr san’ati uyg‘unligida sahnalashtirilgan chiqishlar tomoshabinlarga manzur bo‘ldi.

“Navoiy gulshani – dillar bo‘stoni” teatrlashtirilgan konsert dasturi Alisher Navoiy merosini keng targ‘ib etish, yosh avlod qalbida mumtoz adabiyot va milliy san’atga bo‘lgan muhabbatni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
N.Usmonova, O‘zA