Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan Samarqandda adabiy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Bugun Samarqand shahridagi alloma nomi bilan ataluvchi markaziy istirohat bog‘ida tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimligi mas’ullari, ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va talabalar, samarqandlik ijodkorlar va jamoatchilik vakillari qatnashdi.
– Alisher Navoiy tavallud sanasi bugun nafaqat yurtimizda, balki xorijiy davlatlarda ham keng nishonlanmoqda, – dedi tadbirda ishtirok etgan Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov. – Chunki bu sana YUNESKOning har yilgi ilmiy-madaniy dasturlari ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, mazkur tashkilotlar a’zo davlatlarning barchasida Alisher Navoiy tug‘ilgan kun va bu ulug‘ alloma merosi yod etiladi. Buyuk bobomiz asarlaridagi insonparvarlik, bag‘rikenglik, saxovatpeshalik, ma’rifatparvarlik, ilohiy ishq madhi olti asrdirki dunyo xalqlarini hamjihatlikka, birdamlikka chorlab keladi. Shuning uchun Navoiy va uning merosi insoniyatning ma’naviy boyligi sanaladi va undan sayyoramizdagi barcha xalqlar bahramand bo‘ladi.
[gallery-27547]
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Farmon Toshev, Samarqand davlat universiteti professori, adabiyotshunosi olima Nazmiya Muhiddinova, Samarqanddagi Ozarbayjon milliy-madaniyat markazi rahbari Ramal Mirzayev Alisher Navoiy hayoti va ijodiy faoliyati, bunyodkorlik ishlari haqida so‘z yuritib, shoir asarlarida ilgari surilgan g‘oyalar bugungi kun uchun ham dolzarbligini ta’kidladi.
Marosimda viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari talabalari buyuk mutafakkir g‘azal va ruboiylaridan namunalar o‘qidi. Viloyat musiqali drama teatri aktyorlari tomonidan Navoiy siymosi aks ettirilgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Samarqandlik san’atkorlar esa Alisher Navoiy g‘azallari bilan aytiluvchi qo‘shiqlar ijro qildi.
Tadbir yakunida Hazrat Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘yildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari