Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan “Alisher Navoiy ensiklopediyasi”ning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda taniqli adabiyotshunos olimlar, viloyat hokimligi vakillari, universitetning Filologiya va san’at fakulteti professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdilar.
Tadbirda Alisher Navoiy merosining bugungi kunda ham dolzarb va muhim ahamiyatga ega ekanligi alohida ta’kidlandi.
[gallery-23545]
Taqdimotda ensiklopediya mas’ul muharriri, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori o‘rinbosari, filologiya fanlari doktori, professor Maqsud Asadov tomonidan ushbu noyob asarning yaratilish tarixi, uning mazmun-mohiyati va ilmiy-metodik ahamiyati haqida chuqur tahliliy fikrlar bildirildi.
Tadbir nafaqat ilmiy jamoatchilik, balki yosh avlod uchun ham katta ma’naviy ahamiyat kasb etdi,--- deydi UrDU birinchi prorektori Dilshod Ibadullayev.--Mazkur ensiklopediyaning ilmiy va amaliy ahamiyatiga to‘xtaladigan bo‘lsak, uning o‘zbek adabiyoti va tilshunoslik taraqqiyotidagi o‘rnini juda katta deb bilaman. Ensiklopediya kelgusida ta’lim sifatini oshirishda, yoshlar ma’naviyatini boyitishda juda katta hissa qo‘shadi.
Tadbir davomida talabalar tomonidan Alisher Navoiy g‘azallaridan namunalar ijro etildi, milliy kuy-qo‘shiqlar yangradi, go‘zal raqslar namoyish etildi. Ayniqsa, buyuk mutafakkirning “Lison ut-tayr” asaridan sahnalashtirilgan parcha taqdimotga o‘zgacha fayz va ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari