English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Navoiy” EIZda zamonaviy telekommunikatsiya qurilmalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi
13:56 / 2017-01-26

“Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, ko‘plab xorijlik hamkorlar bilan mustahkam iqtisodiy aloqalar o‘rnatishda muhim omil bo‘lmoqda.

“Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, ko‘plab xorijlik hamkorlar bilan mustahkam iqtisodiy aloqalar o‘rnatishda muhim omil bo‘lmoqda.

Hududda faoliyat ko‘rsatayotgan “Telecom Innovations” O‘zbekiston – Singapur – Xitoy qo‘shma korxonasida raqamli televideniye signallarini qabul qilish uskunasi, ADSL modemlar, DSLAM qurilmalari ishlab chiqarilmoqda.

Xitoyning “ZTE” kompaniyasi yangi loyihalari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyasi evaziga qo‘shma korxonada raqamli signallarni qabul qilish qurilmasining yangi turi IPTV hamda modemlarning Home gateway seriyali yangi turlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

– Qo‘shma korxona bundan 7-yil avval mamlakatimiz hamda singapurlik ishbilarmonlar hamkorligida faoliyat boshlagan edi, – deydi korxona direktori Firdavs Aliyev. – Bu yerda zamonaviy tele va aloqa vositalari ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish, yangi turdagi mahsulotlar tayyorlashni o‘zlashtirish maqsadida Xitoyning “ZTE” kompaniyasi qo‘shma korxona ta’sischilari qatoriga jalb etildi. Bu ishlab chiqarish jarayonini yangi bosqichga ko‘tarish imkonini berdi.

Ayni paytda korxonada mehnat qilayotgan 40 dan ortiq ishchining aksariyati kasb-hunar kollejlarini bitirgan yosh mutaxassislardir. Bu yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish, import o‘rnini bosuvchi hamda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Navoiy informatika va elektron sanoat kasb-hunar kolleji bitiruvchilari korxonada o‘quv amaliyotini o‘tab, tanlov asosida shu yerning o‘zida ishga qabul qilinmoqda. Natijada zamonaviy telekommunikatsiya vositalari mahalliy mutaxassislar tomonidan ishlab chiqarilayotir.

Mutaxassislar malakasini oshirish, yangi mahsulotlar turini o‘zlashtirish va ishlab chiqarishda sifat ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilash maqsadida Xitoyning “ZTE” universitetida malaka oshirish kurslari yo‘lga qo‘yilgan.

Korxonada amalga oshirilgan modernizatsiya ishlari tufayli qurilmalar turi 5 tadan 15 taga yetkazildi. 2016-yilda qariyb 36 ming 500 mahsulot tayyorlanib, ichki bozorga yetkazib berildi.

Erkin iqtisodiy zonada alohida bojxona va soliq imtiyozlari mavjudligi ishlab chiqaruvchilar va xorijlik sarmoyadorlar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratmoqda. Xususan, investitsiya hajmiga qarab 7-yillik soliq imtiyozlari qo‘llanilgani buning yaqqol isbotidir.