O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Janubiy Koreya Respublikasi hukumati o‘rtasida 2013 yil 3 dekabrda imzolangan beg‘araz yordam to‘g‘risidagi “Hadli bitim”ga asosan Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) va Navoiy viloyati hokimligi hamkorligida “Navoiy” EIZ atrofida darxtzorlar barpo etish yuzasidan loyihalar amalga oshirilmoqda.
“Navoiy” EIZda Navoiy viloyati o‘rmon xo‘jaligi boshlig‘i Baxtiyor Egamqulov va KOICA ning O‘zbekistondagi Ofisi direktori Pak Sun Jin o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Dastlab mehmonlar loyihalar doirasida “Navoiy” EIZ atrofida yaratilgan darxtzorlar bilan tanishishdi.
2013-2016 yillarda Janubiy Koreya Respublikasining o‘rmon xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchi Suppro Co., Ltd. va SK Forest Co., Ltd kompaniyalari tomonidan qiymati 2,5 million AQSH dollari bo‘lgan “Navoiy” EIZga yaqin maydonlarni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha loyihasi amalga oshirildi. Loyiha doirasida erkin iqtisodiy zona atrofidagi 140 gektar maydonda qum bo‘ronlari va shamollardan himoya qiluvchi daraxtzor barpo etilib, koreys-o‘zbek do‘stlik o‘rmoniga asos solindi.
Daraxtzorda 150 ming dona mojjevelnik, archa, tuya kompakt, g‘ujum ko‘chatlari ko‘kartirildi. Bundan tashqari, Janubiy Koreya andozasi asosida issiqxona qurilib, barcha ko‘chat nihollari ushbu issiqxonada o‘stirildi. Loyiha doirasida 2015-2016 yillarda o‘zbekistonlik mutaxassislarning Koreyaga o‘quv amaliy tashrifi tashkil etilib, o‘zaro tajriba almashildi.
[gallery-494]
– bugungi kunda Navoiy viloyatida 1,2 million gektar o‘rmon bilan qoplangan maydon, 62,4 ming gektar madaniy o‘rmonzor va 1,4 million gektar yaylov mavjud, – deydi viloyat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Egamqulov. – Viloyat hududining 70 foizini cho‘l hududlari tashkil etishi inobatga olinsa, madaniy o‘rmonzorlar barpo etish hududda qum bo‘ronlari va kuchli shamolning oldini olishda muhim rol o‘ynaydi.
Shuningdek, “Navoiy” EIZ ga yaqin maydonlarni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha 2018-2020 yillarda 250 ming AQSH dollariga teng ikkinchi loyiha ham amalga oshirildi. EIZ atrofidagi ko‘kalamzorlashtirilgan maydon ichida qo‘shimcha sug‘orishni ta’minlash uchun 4 ta tik quduq qazildi. Bundan tashqari, ushbu loyiha doirasida Koreya va Xalqaro tajribadan kelib chiqib, ko‘chatchilikka oid koreys loyihasi mutaxassislari tomonidan qo‘llanma yaratilib O‘rmon xo‘jaligi Davlat qo‘mitasi tegishli mas’ullari e’tiboriga taqdim qilindi.
– Loyihamizdan ko‘zlangan maqsad ko‘chat yetishtirishni yanada rivojlantirish va ilg‘or texnologiyalarni hayotga tadbiq etishdan iborat, – deydi KOICA ning O‘zbekistondagi Ofisi direktori Pak Sun Jin. –. Avvallari men Navoiy deganda cho‘lni tushunar edim. Bugun esa loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishish jarayonida fikrim o‘zgardi. Hududda tabiatni asrash, ko‘kalamzorlashtirish va daraxtzorlar barpo etish borasida ulkan ishlar amalga oshirilgan. To‘g‘risi bu turdagi loyihalar samarasini uzoq kutish kerak. Chunki urug‘dan ko‘chat ko‘kartirib daraxt holiga keltirish uchun kamida 5-10 yil kerak bo‘ladi. Bu jarayonni esa navoiylik o‘rmonchilar muvafaqqiyatli amalga oshirmoqda.
Shu kuni koreyalik mutaxassislar ishtirokida onlayn seminar tashkil etildi. Unda 2018-2020 yillarda amalga oshirilgan loyiha yakuni haqida so‘z yuritilib, erishilgan yutuq va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, kelgusi rejalar, loyiha bardavomligini ta’minlash borasida o‘zaro fikr almashildi.
Abduvali BO‘RIEV,
Siroj ASLONOV (foto), O‘zA