Ta’lim sifati va o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish hamda metodik qo‘llab-quvvatlash maqsadida umumta’lim maktablari oliy ta’lim muassasalariga biriktirilmoqda.
Navoiy viloyatida ham 86 ta umumta’lim maktabi reytingini ko‘tarish hamda bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlarini yaxshilash maqsadida Navoiy davlat pedagogika institutiga biriktirilgan.
Navoiy davlat pedagogika instituti rektori Bahodir Sobirov boshchiligida viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi va Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy bo‘limi rahbarlari, shuningdek, institut professor-o‘qituvchilari Xatirchi tumani "Qo‘rg‘oncha" mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 6- hamda "Oltinobod" mahallasidagi 53- umumta’lim maktabiga tashrif buyurdi.
Dastlab 6-umumta’lim maktabining 36 nafar bitiruvchi-o‘quvchilari bilan suhbat o‘tkazildi. Unda o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish, institut huzuridagi texnikum va akademik litseyda mavjud ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ma’lumotlar berildi. Shuningdek, institutda 2 ta mutaxassislik kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan amaliy san’at va rassomchilik hamda musiqa sirlari to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi. Maktabdagi 10 nafar o‘rta maxsus ma’lumotga ega mutaxassislar ro‘yxati shakllantirildi va viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bilan birgalikda OTMlarga yo‘naltirish ishlari rejalashtirildi.
Shuningdek, 53-maktabning hozirgi holati tahlil qilindi va maktabning 30 nafar o‘qituvchilari bilan suhbat o‘tkazilib, rus va ingliz tili fanlaridan mahorat darslari o‘tkazildi.
Maktablarda ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quvchilar uchun tayyorlov kurslari, o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish maqsadida rus hamda ingliz tili fanlaridan to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardan 2 nafar bitiruvchilar tayyorlov kurslariga jalb etildi. Ayni paytda rus va ingliz tillari bo‘yicha kirish imtihonlariga tayyorlash jarayoni boshlab yuborildi.
Uchrashuvlar so‘nggida maktablar kutubxonasi fondiga badiiy kitoblar, metodik qo‘llanma va ta’limga oid ilmiy jurnallar to‘plami taqdim etildi.
Shuningdek, bu kabi tadbir Nurota tumanidagi 9-umumta’lim maktabida ham tashkil etildi. Ahamiyatlisi, fevral oyi boshlarida maktab o‘qituvchilari va bitiruvchi o‘quvchilar ishtirokida pedagogika institutida “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazishga kelishib olindi.
Abduvali BO‘RIEV, O‘zA