English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy davlat pedagogika instituti kampusi qurilmoqda
16:11 / 2024-07-09

Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Navoiy davlat pedagogika instituti rektori Muhiddin Kalonov va boshqa mas’ullar bilan birgalikda Navoiy shahri, Yoshlik mahallasidagi 15 gektar maydonda qurilishi rejalashtirilgan institut kampusi yangi loyihasi bilan tanishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 7 iyundagi “Navoiy davlat pedagogika instituti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga ko‘ra, 2023-2027 yillarda “Yoshlik” MFY hududida Navoiy davlat pedagogika instituti kampusi barpo etilishi rejalashtirilgan.  

Birinchi bosqichda San’atshunoslik fakulteti va uning yonida 650 o‘ringa mo‘ljallangan talabalar turar joyi qad rostlaydi. Shuningdek, 12 qavatli ma’muriy bino, 8 ta fakultet binosi, ichimlik suvi havzasi, qozonxona hamda 120 ta mashinaga mo‘ljallangan avtoturargoh joy oladi. Ikkinchi bosqichda quriladigan binolar yonida muzey, ilmiy-tadqiqot xonasi, kovorking markazi, axborot-resurs markazi barpo etiladi. Shu bilan birga ro‘yxatga olish (registrator) ofisi, talabalar amaliyoti bo‘limi, inkubatsiya va akseleratsiya markazi navbati bilan foydalanishga topshiriladi.  

Xullas, 2027 yilga qadar 12 ming o‘rinli o‘quv binolari, 2 ming 400 o‘rinli talabalar turar joylari, sport inshootlari, amfiteatr, sayilgoh va zamonaviy o‘quv laboratoriyalariga ega kampus qurib bitkaziladi.  

Kampusni barpo etish xarajatlari institutning byudjetdan tashqari mablag‘lari, shu jumladan, to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar, mavjud bino va inshootlarini auksion orqali sotishdan tushadigan mablag‘lar, homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalardan sarflanadi.  

Shuningdek, kampus hududigacha tashqi ichimlik va oqova suv, elektr, gaz, aloqa ta’minoti tarmoqlari hamda inshootlari, yo‘llar qurilishi xarajatlari mas’ul vazirlik, idoralar mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Kampusning issiq suv iste’moli hajmining kamida 25 foizi ushbu ob’ektda o‘rnatiladigan quyosh suv isitish qurilmalari orqali qoplanadi.  

Viloyat hokimi loyiha bilan tanishar ekan, mas’ullarga kerakli tavsiyalar berdi  

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri