Andijon shahridagi Muhammad Yusuf nomli ijod maktabida g‘azal mulkining sultoni, buyuk mutafakkir hamda o‘zbek tili va adabiyoti asoschisi Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan “Nazm va navo” deb nomlangan adabiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Andijon shahridagi umumta’lim maktablarining ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchilari, adabiyot ixlosmandlari, o‘quvchi yoshlar ishtirok etgan tadbir ochilishida so‘z olgan Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi direktori Shohistaxon Nurmatova va boshqalar tomonidan Navoiyning ibratli hayoti va faoliyati, adabiy-ijodiy merosi, uning tarbiyaviy ahamiyati xususida so‘z yuritildi.

Tadbirda adabiyot fani o‘qituvchilarining “Navoiy ijodida komil inson qiyofasi”, “Navoiy – buyuk tarbiyachi”, “Navoiy asarlarini o‘rganishning dolzarb masalalari” singari qator mavzulardagi ma’ruzalari tinglandi.
Ishtirokchilar tomonidan ma’ruzalar, umuman, Navoiy ijodi, uning tarbiyaviy ahamiyati, shoir asarlari orqali o‘quvchilar qalbida yuksak insoniy fazilatlarni, adabiyotga, she’riyatga hurmat va qiziqish tuyg‘ularini mustahkamlash, ana shu yo‘nalishdagi targ‘ibot ishlarini samarali tashkil etish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.

– Hazrat mir Alisher Navoiy buyuk tarbiyachidir, – deydi Muhammad Yusuf nomli ijod maktabi o‘qituvchisi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Shaxlo Xomidova. – Chunki, ulug‘ zotning har bir asari, aksariyat g‘azal va ruboiylari mazmun-mohiyati bilan insonni tarbiyalaydi, ma’naviyatini, tafakkurini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Tadbir davomida o‘quvchi va o‘qituvchilar Alisher Navoiyning g‘azal va ruboiylaridan, yosh ijodkorlar esa o‘z she’rlaridan namunalar o‘qidi.

Ijod maktabi o‘quvchilari tomonidan namoyish etilgan buyuk mutafakkir asarlaridan sahna ko‘rinishlari, musiqiy chiqishlar va she’riy kompozitsiyalar tadbir ishtirokchilarida unutilmas taassurotlar qoldirdi.
Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga bag‘ishlangan bu kabi tadbirlar viloyatdagi barcha ta’lim muassasalarida o‘tkazilmoqda.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari