Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy bog‘i yangilanmoqda
16:04 / 2025-08-13

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yilligiga

Mustaqil taraqqiyot yillarida, ayniqsa, keyingi besh- olti yil ichida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida asrlarga tatigulik ishlar amalga oshirildi. Olib borilayotgan ulug‘vor ishlarining samarasida yurtimiz obod bo‘lmoqda, xalqimizning turmush farovonligi yaxshilanmoqda. Eng muhimi, qo‘lga kiritayotgan yutuqlarimiz jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda. Bu albatta, har bir yurtdoshimiz qalbiga cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ularini muhrlaydi. Yurt ko‘rki-kamolidan g‘ururlanib yashayotgan fuqarolarimizda ezgulik, ona Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga hurmat, yurt ravnaqi yo‘lida fidoyi bo‘lish tuyg‘ularini mustahkamlamoqda.

Ta’kidlash joizki, ulug‘vor ishlar nafaqat iqtisodiyotda, balki ma’naviy, madaniy hayotimizda ham bo‘y ko‘rsatmoqda. Buni shu kunlarda Andijon shahrining Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida amalga oshirilayotgan qurilish, bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari misolida ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin.  

Bugungi Andijon shahrining ko‘rkiga aylangan Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i qariyb bir asrlik tarixga ega. Ushbu istirohat bog‘iga 1933 yil 7 noyabrda asos solingan. Bir yil davom etgan qurilish ishlaridan so‘ng bog‘ 1935 yilda foydalanishga topshirilib, Akmal Ikromov nomi bilan atalgan. 1941 yilda ulug‘ bobomiz Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligi sharafiga boqqa uning nomi berilgan.  

1997 – 2000 yillarda bog‘da qurilish, rekonstruksiya ishlari olib borilgan bo‘lsa-da, ochig‘i, bugungi kunga kelib, ta’mirtalab holatga kelib qolgan edi. Qolaversa, o‘tgan yili ijtimoiy tarmoqlarda bog‘ hududiga ko‘p qavatli uylar, savdo majmualari qurilishi haqida tarqalgan ma’lumotlar aholi o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Axoli dam oladigan, Andijonning ko‘rkiga aylangan bog‘ nomigagina qolsa, degan uy-fikrlar ko‘pchilikni tashvishga solgandi.  

Bugun bu hadiklar unutildi. Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning tashabbusi bilan umumiy maydoni 12,5 gektar bo‘lgan bog‘da keng ko‘lamli qurilish ishlari olib borilmoqda, bog‘ butunlay yangicha qiyofa kasb etmoqda.  

–Bog‘ning kirish qismidagi favvora ta’mirlandi, atrofi maxsus toshlar bilan bezaldi, – deydi Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i mutaxassisi Ravshanbek Bahromov. – Shuningdek, 2000 yili barpo etilgan bog‘ning ark-darvozasi, Alisher Navoiy haykali ta’mirlanib, o‘zgacha qiyofa kasb etdi. Umuman, bog‘dagi qurilish-ta’mirlash ishlari shu oyning oxiriga qadar yakunlanib, eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.  

Bog‘ ichidagi qariyb 200 metr uzunlikdagi favvora musiqa sadolariga hamohang tovlanadigan tarzda ta’mirlanmoqda. Qariyb 5 ming kvadrat metr yo‘lakcha va maydonga bruschatkalar yotqizildi. Ko‘plab zamonaviy o‘rindiqlar o‘rnatildi, 2 ta biohojatxona barpo etildi.

Shu kunlarda bog‘da o‘ndan ortiq maxsus texnika vositalari, 200 nafarga yaqin ishchi va mutaxassislar ish olib bormoqda. Eski attraksionlar olib tashlandi, o‘rniga yaqin yangi attraksionlarni o‘rnatish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.  

Qurilish, ta’mirlash ishlari jarayonida bog‘dagi mavjud mingdan ortiq manzarali daraxtlarning birortasiga ham zarar yetkazilgani yo‘q.

Jarayonda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Gazonlar ekilib, yashil hududlar barpo etilmoqda. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, yana 48 turdagi bir ming tupga yaqin manzarali daraxt ko‘chatlari ekilishi, gulzorlar barpo etilishi, sug‘orish tizimini to‘la yangilash belgilangan.

Ayni kunlarda Andijon shahar obodonlashtirish boshqarmasi ishchilari tomonidan ko‘plab turdagi gullar ekilmoqda.  

–Nafaqat hamshaharlarimiz, balki shahrimiz mehmonlari kelib dam oladigan bog‘imizni obodonlashtirish ishlarida qatnashayotganligimdan faxrlanaman, – deydi Andijon shahar obodonlashtirish boshqarmasi ishchisi Muhiddin Usmonov. – Biz yaratayotgan go‘zal manzaralar, o‘tkazayotgan noyob, rang-barng gullar minglab insonlarga zavq berishiga ishonaman.  

Bog‘ hududi tungi vaqtlarda ham yorug‘ va charog‘on bo‘lishini ta’minlash uchun zarur ishlar olib borilmoqda.

–Bog‘ hududiga 200 dan ortiq maxsus temir ustunlar, shuningdek, zamonaviy, energiyatejamkor yoritish chiroqlari o‘rnatildi, – deydi Andijon elektr tarmoqlari korxonasi Eski shahar bo‘linmasi rahbari Abdurahmon Ermatov. – Bu tungi paytlarda bog‘ hududining yorug‘ligini ta’minlaydi, tashrif buyuruvchilarga qulaylik yaratadi.  

“Andijon viloyati yagona buyurtmachi injeniring” davlat unitar korxonasi bosh pudratchiligida andijonliklarga xos shijoat, mardlik timsoli sifatida bog‘ hududida barpo etilgan burgut haykali, unga uyg‘unlikda 2000 yilda qurilgan 4 ming o‘rinli amfiteatr va uning sahnasi atrofidagi hovuzda ham ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.  

–Amfiteatrning tom qismi to‘la yangilanmoqda, – deydi qurilish ishlarini olib borayotgan “Minimal-iste’molchi” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Muhammadjon Qodirov. – Shuningdek, amfiteatr o‘rindiqlari ta’mirlanib, bo‘yalmoqda. Bundan tashqari, burgut haykali ta’mirlanmoqda, amfiteatrni o‘rab turuvchi hovuz osti yangidan betonlanmoqda, atrofi esa bo‘yaladi.  

Ayni kunda bu yerda o‘nga yaqin turli texnika vositalari, 60 nafarga yaqin ishchi va mutaxassislar ish olib bormoqda. Nasib etsa, belgilangan ishlar o‘z muddatida yakunlanadi va sifatli bajariladi.  

Shuningdek, dam oluvchilarga qulaylik yaratish maqsadida  bog‘ hududida zamonaviy ko‘rinishga ega bir nechta kafe, salqin ichimliklar do‘koni ham qurilmoqda.  

–Shahrimiz markaziy madaniyat va istirohat bog‘ida bo‘layotgan o‘zgarishlar barcha andijonliklarni quvontirmoqda, – deydi Andijon shahridagi To‘qqizariq mahallasida yashovchi, mehnat faxriysi Vositxon Ahmatxonov. – Qisqa muddatda katta xajmdagi ishlar bajarilganligiga guvoh bo‘lyapmiz. Ishonamanki, ta’mirlash ishlari yakunlangach, bog‘imiz butunlay yangicha qiyofa kasb etadi, andijonliklar dam olib, xordiq chiqaradigan eng gavjum maskanlardan biriga aylanadi.  

[gallery-24737]

Bir so‘z bilan aytganda, o‘zgacha ko‘rk va qiyofaga ega bo‘layotgan Navoiy bog‘i yurtdoshlarimiz bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazadigan, ayniqsa, ota-onalar farzandlari bilan ko‘ngilli madaniy dam oladigan so‘lim maskanga aylanadi. Ushbu go‘sha yurt obodligi, xalqimiz turmush farovonligi yuksalib borayotganligining yorqin ifodasi bo‘ladi.  

Faxriddin Ubaydullayev,

Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari