English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Navoiy asarlari asosida kino, multfilmlar va sahna asarlari yaratilishi kerak"
16:19 / 2022-02-09

Buyuk mutafakkir Mir Alisher Navoiy haqida gap ketganda, sevimli shoirimiz Erkin Vohidovning «O‘zbegim» qasidasidagi “...Lek Navoiydek bobom bor, Ko‘ksi osmon, o‘zbegim» degan misralari yodga tushadi. Yana Hazrat Navoiy «millatimiz quyoshi» deb ham ulug‘lanadi. Buning ma’nosini tushunish, mag‘zini chaqish uchun esa allomaning hayot va ijodini chuqur o‘rganishimiz, farzandlarimizga o‘rgatishimiz zarur.

Navoiyshunos olimlarimizning «Navoiyni o‘qigan millat aslo kam bo‘lmaydi», deganlarida ham ayni shu haqiqat mujassam. O‘z ijodi bilan dunyoga dong taratgan Alisher Navoiy nafaqat «Xamsa», «Xazoyin ul-maoniy», «Muhokamat ul-lug‘atayn», «Hayrat ul-abror», «Navodir un-nihoya», «Munshaot» kabi betakror asarlari, balki ibratli hayoti, ulug‘ insoniy fazilatlari bilan ham biz avlodlarga salkam olti asrdan buyon saboq berib keladi. 

Buyuk shoirga bag‘ishlangan barcha nasr va nazm namunalarini o‘qiganimizda har nafasda ulug‘ insonga bo‘lgan samimiy muhabbatni sezib, his etamiz. O‘zga millat vakillarining Navoiy asarlarini sevib o‘qishlari, uning ijodiga o‘zgacha qiziqish, shaxsiyatiga chuqur hurmat bilan qarashlari ham bor gap. Shunday ekan, har birimiz Navoiy singari butun dunyo ahli mehru e’tiboriga sazovor bo‘lgan ajdodlarimizga munosib bo‘lish tuyg‘usi ila ularning bizga qoldirgan merosini o‘rganish, mutolaa qilishni o‘z avlodlik burchimiz deb bilishimiz lozim.
Zotan, Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek: «Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutadi».

Darhaqiqat, bugunga qadar  Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlangan tadbirlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar, ijodiy uchrashuvlar muntazam o‘tkazib kelinayotgan bo‘lsada, yosh avlod Navoiyni anglashi uchun bu kabi sa’y-harakatlar yetarli emas. Navoiyshunos olimlarimiz ta’kidlaganidek, farzandlarimizni bog‘cha yoshidan, eng ziyraklik davridanoq ularga Navoiyni o‘rgatishimiz, uning boy adabiy merosi mazmun-mohiyatini uqtirishimiz kerak. Uning asarlari asosida qiziqarli kino, sahna asarlari, bolajonlar uchun multfilmlar yaratilishi kerak. Demak, bu borada madaniyat va san’at sohasi vakillari, tizim tashkilotlari xodimlari zimmasida ham ulkan mas’uliyat turibdi. O‘ylaymizki, soha xodimlari ana shu mas’uliyatni chuqur anglab, buyuk ajdodlarimiz shaxsiyati va adabiy merosiga faqatgina biror  sana munosabati bilan yuzlanmasdan,  yil davomida o‘qib, o‘rganib, o‘rgatib, namoyish etib borishadi. 

Shundagina kelgusida o‘z tarixini chuqur biladigan, yuksak ma’naviyatli, madaniyatli, ilm-ma’rifatli, millatparvar avlodni ulg‘aytirishga hissa qo‘shgan bo‘lamiz. 

Barchangizga buyuk mutafakkir Mir Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligi muborak bo‘lsin!

 

Ozodbek Nazarbekov,
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri