Alisher Navoiyning “Sab’ai sayyor” dostoni asosida Hayitmat Rasul muallifligida Namangan viloyati musiqali drama teatrida yangi spektakl sahnalashtirildi.
Alisher Navoiy tasavvuridagi shoh zohiran butun jahonga egalik qilib turgan bo‘lsa-da, botinda faqirlik ixtiyor etgan va qo‘l ostida bo‘lgan mol-dunyoga ko‘ngildan muhabbat qo‘ymagan podshohdir. She’riyat mulkining sultoni “Faqir ko‘yida gadolig‘ chu erur sultonlig‘” der ekan, podshohlarni majoziy va haqiqiylarga ajratadi. Uningcha, haqiqiy podshoh o‘z nafsiga tabdil berib, nafs ajdahosini jilovlagan kishidir.
Shu sababdan ham Navoiy shohga murojaat qilib, uning haqiqiy dushmani o‘z nafsi ekani va, avvalambor, uni asir etish lozimligini aytadi. Biroq voqealar rivojida Bahrom Navoiy nazdidagi faqirlikdan uzoqlashadi. Ta’kidlash joizki, hazrat Navoiyning buyuk maqsadi va maslagi oradan necha yuz yillar o‘tsa-da, bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Hozirgi tinch zamonda mol-dunyosi ko‘payayotgan insonlar ham buyuk allomaning nasihatlariga tashna bo‘lmog‘i kerak.
[gallery-15205]
Tomoshabinlarning davomli olqishlariga sazovor bo‘lgan mazkur spektakl, birinchi galda, sahna dekoratsiyasi, aktyorlar ijrosi, asardagi chuqur falsafani mahorat bilan ochib berishga intilish orqali Namangan teatri ijodiy jamoasi uchun katta yutuq bo‘ldi. Sahnalashtiruvchi rejissyor Doston Haqberdiyev, shuningdek, Nuriddin Ismoilov, Rahmatillo G‘aybullayev, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Alijon Tojiboyev, Munisa Jo‘rayeva, Orifjon Ergashev kabi aktyorlarning yuksak mahorati teatr san’ati ixlosmandlarida yorqin taassurot qoldirdi.
– Salkam uch oylik tayyorgarlik ishlari davomidagi mashaqqatlarimiz gulduros qarsaklar ostida esdan chiqib ketdi, – deydi teatr direktori Nozimjon Toshpo‘latov. – “Sab’ai sayyor” asarida teatrimiz tarixida ilk bor O‘zbekiston va Tojikiston xalq artistlari Sherali Jo‘rayev hamda Abduhoshim Ismoilovning ashulalari va kuylaridan foydalandik. Klassik qo‘shiqlarni Shohjahon Jo‘rayev jonli ijro etib, spektakl ruhini yanada ko‘tardi. Bunday asarlar xalqimizni, ayniqsa, yoshlarni mumtoz adabiyotga oshufta qiladi. Qolaversa, tomoshabinlarning teatrga yana qaytishiga turtki beradi.
Yangi asar premerasida qatnashgan Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov ijodkorlar bilan muloqotda davlatimiz rahbarining shu yilning 22 dekabrida o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishidagi nutqidan kelib chiqqan holda, yangi spektaklni barcha tumanlarda, mehnat jamoalarida keng ommalashtirish zarurligini ta’kidladi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA muxbirlari