Andijon shahridagi viloyat Qo‘g‘irchoq teatrida “Navro‘z sadolari” milliy cholg‘ular ko‘p ovozli ansambl va orkestrlar XI xalqaro festivalining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlanib, viloyat madaniyat boshqarmasi va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan mazkur festivalda mamlakatimizda san’at sohasida iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iste’dod va salohiyatlarini yuzaga chiqarish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.

Festivalda viloyatdagi bolalar musiqa va san’at maktablarining ko‘p ovozli ansambl hamda orkestr jamoalari ishtirok etdi. Nizomda belgilangan milliy va jahon mumtoz kuylari ijrosi, yangi ijodiy uslublarni qo‘llash bo‘yicha o‘zlarining mahorat hamda iqtidorlarini namoyish etdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, ko‘p ovozli ansambllar o‘rtasida Jalaquduq tumanidagi 13-son bolalar musiqa va san’at maktabi jamoasi, orkestr jamoalari o‘rtasida esa Buloqboshi tumanidagi 14-son bolalar musiqa va san’at maktabi jamoasi faxrli birinchi o‘ringa sazovor bo‘lib, festivalning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.

– Festivalning viloyat bosqichida g‘olib bo‘lish oson kechmadi, – deydi Buloqboshi tumanidagi 14-son bolalar musiqa va san’at maktabi “Navo” orkestr jamoasi badiiy rahbari Boburjon Abdullayev. – San’atimiz, ijro mahoratimiz yuqori baholanib, g‘olib bo‘lganligimizdan behad xursandmiz. Ushbu muvaffaqiyat bizni yanada ruhlantiradi. Endi festivalning mamlakat bosqichida ham muvaffaqiyatli qatnashish uchun astoydil harakat qilamiz.

Festival viloyat bosqichining g‘olib va sovrindor jamoalari tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.