English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navbatdagi Xalqaro forum Xorazmda
10:59 / 2021-11-10

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Federatsiya va Xalqaro iste’molchilar huquqlari tashkiloti (Consumers International), Xalqaro iste’molchi jamiyatlari konfederatsiyasi, «Yuksalish» umummilliy harakati bilan hamkorlikda “Sayyoh - 2021» xalqaro forumiga tayyorgarlik ishlarini amalga oshirmoqda.

Forum Xorazm viloyatining Xiva va Urganch shaharlarida joriy yilning 23-25 noyabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Turizm sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida o‘tkazilayotgan forumdan maqsad, mamlakatning turizm salohiyati va jozibadorligini keng targ‘ib qilish, turizm sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirilish, turizmni rivojlantirishga qaratilgan xalqaro me’yor va standartlarni implementatsiya qilishdan iborat.

Shuningdek, xalqaro normalarni turizm faoliyati va amaliyotga joriy etilishida ko‘maklashish hamda turizm sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasida soha rivojiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni tizimli tahlil qilish va bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish forumning asosiy yo‘nalishlaridandir.

O‘zbekistonda mustaqillikning ilk davrlaridan iste’molchilar huquqlari qonun bilan himoya qilingan. Ammo bugunga qadar sohada mavjud kamchiliklar tadqiq etilmoqda. Federatsiya tomonidan tashkil etilayotgan ushbu forum sohadagi mavjud muammolarni o‘rganish, tizim yutuqlarini tadqiq etish, xalqaro tajribani hayotimizga kirib kelishida ulkan rol o‘ynaydi. Bir so‘z bilan aytganda, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, mamlakatimizning boy tarixi va bugungi rivojlanishlar bilan jahon hamjamiyatini tanishtirishda forumning o‘z o‘rni bor.

Qayd etish joizki, “Sayyoh - 2021» xalqaro forumida Xalqaro iste’molchilar huquqlari tashkiloti (Consumers International) prezidenti Marimutu Nadasan hamda bosh direktori Xelena Loran, Xalqaro iste’molchi jamiyatlari konfederatsiyasi boshqaruvchi raisi Dimitriy Yanin va oltmishga yaqin xorijiy davlatlardan ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan ushbu forumda xalqaro tashkilotlarning bu kabi vakillarining ishtiroki yurtimizda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasida qilinayotgan ishlarni keng ommaga targ‘ib etishda, rivojlangan mamlakatlarning bu sohadagi tajriba va yutuqlarini o‘rganishda o‘ziga xos imkoniyatdir.

Maftuna KARIMOVA, O‘zA