Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navbatdagi kitob va ma’rifat bayrami o‘tkazildi
10:58 / 2025-06-27

Sirdaryo viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 sentyabrdagi qarori ijrosi doirasida “Kitobxonlik festivali”ning navbatdagi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Mazkur ma’naviy-ma’rifiy loyiha O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika bolalar kutubxonasi tashabbusi bilan mamlakatimizning barcha hududlarida uch yildan buyon amalga oshirib kelinmoqda. Bu yilgi festivalga Sirdaryo viloyati mezbonlik qildi. Tadbir viloyat musiqali drama teatrida tashkil etildi.

Festivalda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’ullari, mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan bolalar kutubxonalari direktorlari, kitobxon o‘quvchilar va ijodkor yoshlar ishtirok etdilar. Tadbir ishtirokchilari dastlab O‘zbekiston xalq shoiri To‘ra Sulaymon nomidagi uy-muzeyga tashrif buyurib, shoir xotirasiga hurmat izhor etishdi hamda muzey eksponatlari bilan tanishishdi.

Tadbir doirasida “Ijodkor bolalar”, “Eng faol kitobxon o‘quvchi”, “Eng yaxshi kitobxon maktab”, “Eng yaxshi kitobxon oila”, “Eng yaxshi maktab kutubxonachisi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovlar g‘oliblari diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi. Shuningdek, kitobxonlikni targ‘ib etishda faol ishtirok etgan kutubxonachilar, ta’lim sohasi xodimlari hamda hamkor tashkilotlar vakillari “Tashakkurnoma”lar bilan siylanishdi.

Festival mehmonlari — bolalar kutubxonalari rahbarlari bunday tadbirlar yoshlarda kitobga bo‘lgan qiziqishni oshirish, hududlar o‘rtasida tajriba almashish, ilg‘or ish usullarini o‘rganish va jamoaviy ruhni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar. Jizzax viloyati bolalar kutubxonasi direktori Anvar Yo‘ldoshev:   —  Sirdaryodagi festival nafaqat ma’rifiy, balki ma’naviy jihatdan ham katta taassurot qoldirdi, — deya o‘z fikrini bildirdi.

Festival viloyat musiqali drama teatri san’atkorlari, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari qoshidagi to‘garaklar va ansambllar ijrosidagi kuy-qo‘shiq hamda raqslar bilan yanada mazmunli va fayzli tarzda davom etdi.

Tadbir yakunida an’anaviy ramzga aylangan estafeta tayoqchasi Sirdaryo viloyati bolalar kutubxonasi direktori Shoira Shukurova tomonidan Jizzax viloyati bolalar kutubxonasi direktori Anvar Yo‘ldoshevga tantanali ravishda topshirildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri