FOTOREPORTAJ
Navoiy viloyati Navbahor tumanida joylashgan zaharli ilon va chayonlar pitomnigi o‘ziga xos maskan. Bu yerga qadam qo‘ygan kishi tabiatning eng xavfli mavjudotlari bilan yuzma-yuz keladi. Pitomnik xodimlari bu jonivorlarni nafaqat parvarish qiladi, balki ularning xususiyatlarini chuqur o‘rganadi.
Pitomnikda hozirda kobra, gyurza kabi 40 dan ortiq zaharli ilon hamda 25 mingta zaharli chayon parvarishlanmoqda. Ulardan olinadigan zardob asosida turli farmatsevtik va kosmetologik vositalar tayyorlanadi.
Hududga kirganingizda, maxsus terrariumlar, nazorat ostidagi harorat va namlik muhitini ko‘rasiz. Ushbu sharoit ilon va chayonlar uchun tabiiy yashash muhitini ta’minlaydi. Har bir bo‘limda tajribali mutaxassislar kuzatuv olib boradi, ular xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qiladi.
Mazkur pitomnik “BRAIN” savdo belgisi ostidagi “Biotech Research and Innovation” MCHJ ilmiy-ishlab chiqarish kompleksiga tegishli. Loyihaga 5 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritilgan. Yaqin orada yillik eksport miqdori 7 million AQSH dollarini tashkil etishi kutilmoqda. Loyiha bosqichma-bosqich rivojlantirib boriladi va 2030 yilga borib to‘liq ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA