Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Navbahor” yirik hisobda g‘alaba qozondi
08:10 / 2025-06-23

Mamlakat superligasining 13-turdagi bahsida “Navbahor” jamoasi Olmaliqning “OKMK” klubini qabul qildi. Davlatobod tumanidagi “Markaziy” stadionga kelgan 11 mingga yaqin muxlislar haqiqiy futbol spektakliga guvoh bo‘ldi.

Turning markaziy o‘yini maqomini olgan mazkur uchrashuv har ikki klub uchun ham katta ahamiyatga ega edi. Musobaqa jadvalida yonma-yon borayotgan har ikki jamoa o‘tgan turda ochko yo‘qotishgani bois bu gal faqat g‘alaba qozonishni maqsad qilishgandi.

Uchrashuvni ko‘tarinki ruhda boshlab, tashabbusni o‘z qo‘liga olgan maydon egalari tezkor gol urishga muvaffaq bo‘lishdi. O‘yinning oltinchi daqiqasida uyushtirilgan hujum natijasida Zabihillo O‘rinboyev chiroyli ko‘rinishda darvozaga joylab qo‘ydi. Tezkor gol namanganliklarni ruhlantirdi chog‘i o‘yinning 35-daqiqasi tabloda 2:0 ko‘rinishiga asos bo‘ldi.

“OKMK” darvozasiga uzoq masofadan belgilangan standart vaziyatni amalga oshirgan Azimjon Ahmedovning kuchli zarbasi yo‘l-yo‘lakay yo‘nalishini o‘zgartirgan holda, Gilerme Gedeshga borib tushdi. Braziliyalik legioner qulay fursatni boy bermasdan zarbani aniq bajardi.

Tanaffusdan so‘ng millionlar o‘yini ixlosmandlari “evrofutbol”ga xos ajoyib hujumlarni tomosha qildi. Bu borada “Lochinlar” olmaliqlik raqiblariga ko‘p hollarda imkon qoldirishmadi. Ayniqsa, Ruslanbek Jiyanov, Alisher Odilov va Abbos G‘ulomovning golga chanqoqligi yaqqol ko‘zga tashlandi, ammo, yakuniy vaziyatlarda ularga omad yetishmadi. O‘z navbatida, 60-daqiqada yuzga kelgan vaziyatda “OKMK”ning xavfli hujumini “Navbahor” posboni Umidjon Ergashev qaytarmaganida, hisob tamomila boshqacha bo‘lishi mumkin edi.

Uchrashuvda tezkorlik, mahorat bobida ajralib turgan “Navbahor” jamoasi hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda ham hujumkor o‘yinga sodiq qoldi. Zaxiradan maydonga tushirilgan braziliyalik hujumchi Augusto Pedro mehmonlarni darvoza to‘ridan to‘pni olib chiqishga majbur qildi. Golni avvaliga bosh hakam Akobir Shukurullayev inobatga olmadi. Biroq, holat videotakror tizim – “VAR” orqali ko‘rilganidan so‘ng gol tasdiqlandi. Shu tariqa hisob 3:0 ko‘rinishiga keldi.

–Jamoamizning o‘yini va natijadan qoniqdim. Biz o‘zbek futbolining ayni paytdagi yetakchi va kuchli jamoalaridan biri – “OKMK” klubiga qarshi bellashdik. Yigitlar kutilgan o‘yinni namoyish etib, ko‘rsatmalarimizni to‘la-to‘kis bajarishdi. Buning uchun shogirdlarimga minnatdorlik bildiraman, – dedi “Navbahor” klubi bosh murabbiyi Sergey Lushan.

Eslatib o‘tamiz, 28-iyun, shanba kuni “Navbahor” jamoasi o‘z maydonida Muborakning “Mash’al” klubini qabul qiladi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.