English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Navbahor» yana ochko yo‘qotdi
10:17 / 2024-05-31

O‘zbekiston Superligasining 10-turi ham qizqin bahslar bilan boshlandi. Jumladan, musobaqa jadvalida peshqadam bo‘lib turgan «Navbahor» kutilmaganda o‘z maydonida «Olimpik» klubi bilan 0:0 hisobida durang qayd etdi.

Shuningdek, 10-turda «Dinamo» — «Qizilqum» o‘zaro raqobatlashdi. Uchrashuvning 14-daqiqasida Kojo Joel penaltidan hisobni ochgan bo‘lsa, birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Anvar Hojimirzayev ikkinchi o‘n bir metrlik jarimani aniq bajargan holda jamoasining 2:0 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi.  

Bugun, 31 may kuni ushbu tur davom ettiriladi. Unda «Surxon» va «So‘g‘diyona», «OKMK» hamda «Metallurg» jamoalari o‘zaro raqobatlashadi.  

Ushbu uchrashuvlar orasida albatta muxlislarning qiziqishi Toshkent viloyati derbisiga qaratilishi shubhasiz.  

Shu bois «OKMK» — «Metallurg» bahsiga oid ayrim faktlarni keltiramiz. Demak, ushbu jamoalar bugunga qadar 32 marta o‘zaro raqobatlashgan va ushbu o‘yinlarning 13 tasida «OKMK», 16 tasida «Metallurg» g‘alaba qozongan. Bor-yo‘g‘i 3 ta o‘yin durang bilan yakunlangan. To‘plar nisbati ham Bekobod jamoasi foydasiga 55:52 ko‘rinishini olgan.  

Yana bir ma’lumot, «Metallurg» Olmaliqdagi uchrashuvlarda unchalik muvaffaqiyat qozona olmagan. Safardagi 16 uchrashuvda bu jamoa 3 ta g‘alaba hamda 2 ta durang qayd etgan. Qolgan 11 ta uchrashuvda mezbonlarning qo‘li baland kelgan. Lekin «OKMK» 2021 yildagi so‘nggi o‘yindan beri derbida g‘olib bo‘la olmayapti.  

Bugun, soat 19:30 da o‘tadigan «OKMK» va «Metallurg» bellashuvida mezbonlar ushbu qora an’anaga chek qo‘yish imkoniyatiga ega. Ammo «Metallurg» ham bu yilgi mavsumni yuksak saviyada o‘tkazmoqda. Bu degani Toshkent viloyati derbisi shiddatli bahslarga boy o‘tadi va futbol muxlislari bu bahsda chiroyli o‘yin ko‘rishiga ishonamiz.  

 

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA