Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Navbahor” tarkibni kuchaytirmoqda
15:13 / 2026-02-24

Yangi futbol mavsumiga asosan xorijda tayyorgarlik ko‘rgan Namanganing “Navbahor” klubi Turkiyaning Belek shahridagi navbatdagi xalqaro yig‘ini yakunida ikkita o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi.

Qozog‘iston chempionati ishtirokchisi Semeyning “Altay” jamoasiga qarshi bahsda “Lochinlar” bosh murabbiyi Timur Kapadze tarkibga yangi jalb qilingan va ko‘rikda sinovda bo‘lib turgan o‘yinchilarga ko‘proq e’tibor qaratdi. Jangovar durang (1:1) qayd etilgan o‘yinda namanganliklarninng goliga 25 daqiqada Diyor Xolmatov mualliflik qildi.  

So‘nggi xalqaro o‘rtoqlik o‘yinida esa hamyurtlarimiz Gruziyaning eng sovrindor jamoalaridan biri sanalgan Tbilisining “Dinamo” klubiga qarshi bahs olib bordi. E’tiborlisi, mazkur bahsda ham kuchlar teng keldi – 1:1.

Qayd etish lozimki, uchrashuvga to‘xtalishlar uchun hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda zaxiradan maydonga tushirilgan afrikalik Katulondi Kati “Navbahor”ni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.

Klub rahbariyati “Superliga-2026” starti arafasida navbatdagi transferlarini e’lon qildi. Xususan, O‘zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod hujumchi Husayn Norchayev, braziliyalik “vinger” Aleks Fernandes, gruziyalik himoyachi Giorgi Jgerenaya va kongolik hujumchi Katulondi Kati bilan shartnoma imzolandi.

24 yoshli Husayn Norchayev o‘z faoliyati davomida Qarshining “Nasaf”, Rossiyaning “Alaniya” (Vladikavkaz) Farg‘onaning “Neftchi” klublarida to‘p surgan. U o‘tgan mavsumda qarshiliklar safida 30 o‘yinda 14 ta gol urgan. Hujumchi mavsumning startini o‘tkazib yuboradi, u ayni vaqtda Italiyada jarohatdan tiklanmoqda.

23 yoshli Fernandes esa Braziliyaning “Atletiko Mineyro”, “Santos”, “Cherno More”, Rossiyaning “Baltika”, Ozarbayjonning “Neftchi” jamoalari sharafinni himoya qilgan. U so‘nggi o‘yinini 2025-yil may oyida o‘tkazgan.

32 yoshli Giorgi Jgerenaya faoliyati davomida Gruziyaning “Gagra”, “Norcha Dinamoeli”, “Samtredia” “Meraniya”, Ukrainaning “Ilicheves”, “Nikolayev”, “Dinamo-2” jamoalarida o‘ynagan. 2021-yildan buyon Gruziya chempionati ishtirokchisi – Tbilisining “Iberiya” jamoasida edi. U Gruziyaning turli yoshdagi terma jamoalarida maydonga tushgan.  

27 yoshli Katulondi Kati  hozirga qadar Kongo Demokratik Respublikasining “Dofen Nuar”, “Motema Pembe” jamoalarida to‘p tepgan. 2022-yildan buyon esa Marokashning “Hassaniya” jamoasida faoliyat yuritib kelayotgandi.

Eslatib o‘tamiz: “Navbahor” jamoasi yangi mavsumni shu yilning 28-fevral kuni Samarqand shahrida superliganing dastlabki turi doirasida mahalliy “Dinamo” klubiga qarshi o‘yin bilan boshlaydi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA