Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Navbahor” tarkibi kuchaytiriladi
14:04 / 2023-12-21

Namangan viloyat hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi raisi Shavkat Abdurazzoqov Davlatobod tumanidagi “Markaziy” stadion bazasida bir guruh faol va faxriy muxlislar bilan uchrashdi. Joriy mavsumda viloyatning bosh jamoasi “Navbahor” garchi o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga erisha olmagan bo‘lsa-da, xalqaro maydonlarda Vatanimiz sha’nini munosib himoya qildi.

Osiyo Chempionlar ligasida ilk marotaba ishtirok etishiga qaramay, mazkur nufuzli musobaqaning guruh bosqichida muvaffaqiyatli natijalarga erishib, keyingi bosqichga yo‘l oldi. Qit’amizning eng kuchli klubi “Al Hilol”ga qarshi munosib qarshilik ko‘rsatgan Samvel Babayan shogirdlari O‘zbekiston Superligasida sovrindorlar safidan joy olib, bronza medaliga sazovor bo‘ldi.  

Muloqotda so‘z olgan faxriy muxlislar “Navbahor”ning so‘nggi yillardagi zafarli yurishi, joriy yil Osiyo Chempionlar ligasining madhiyasi Namanganda yangrashiga munosib hissa qo‘shgan, millionlar o‘yini ixlosmandlariga zavqli onlarni ulashgani uchun viloyat rahbariga, klub mutasaddilari va jamoamiz bosh murabbiyi Samvel Babayanga minnatdorlik bildirdi. 

– Muxlislar hech ham xavotir olishmasin. Yangi mavsumda ham “Navbahor” klubining maqsadlari o‘zgarmaydi va jamoa tarkibi yanada kuchayadi, – dedi Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov. – Biz “Navbahor” ishqibozlariga quvonch ulashish uchun barcha imkoniyatimizni ishga solamiz.  

Muloqot yakunida tashkiliy masala ham ko‘rib chiqildi. “Navbahor” klubi muxlislar raisi sifatida 25 yil davomida ish olib borgan Abdullo Ahmedovning o‘rniga Muxtor Yusubbayev yetakchi etib tayinlandi.  

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri