Yakuniga yetgan 2025 yilgi mavsum Namanganning “Navbahor” jamoasi uchun kutilganidek bo‘lmadi. 2024 yilda bronza medaliga sazovor bo‘lgan “Lochinlar” o‘tgan mavsumda mamlakat superligasida yettinchi o‘rin bilan kifoyalandi. Murabbiylar Sergey Lushan va Sherzod Jo‘rayev boshchiligida qayd etilgan bu natijadan klub rahbariyati, ayniqsa, minglab muxlislar qoniqish hosil qilishmadi. Superliga poyoniga yetishi bilan “Navbahor” klubi O‘zbekiston milliy terma jamoasini boshqargan Temur Kapadzeni bosh murabbiy sifatida rasman jamoatchilikka tanishtirdi.
Eronning “Fulad” klubidan tajribali darvozabon, O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi O‘tkir Yusupov, Rossiya Federatsiyasining “Orenburg” klubidan gruziyalik himoyachi Anri Chichinadze, “Andijon” jamoasidan himoyachi Islom Mamatkazin va hujumchi Muhammadali Usmonov, “Qizilqum” klubidan himoyachi Dilshod Komilov, “So‘g‘diyona” klubidan yarim himoyachi Shohruh Abudrahmonov “Paxtakor” klubidan himoyachi Umar Adhamzoda va yarim himoyachi Diyor Holmatov, “Neftchi” jamoasidan yarim himoyachi Quvondiq Ro‘ziyev yangi mavsumda “Navbahor” jamoasida to‘p suradi.

O‘tgan mavsumda chiroyli o‘yinlari orqali futbol ixlosmandlariga zavq ulasha olgan yarim himoyachilar Abbos G‘ulomov, Zabihullo O‘rinboyev, Saidazamat Mirsaidov, Shohmalik Komilov hamda nigeriyalik legioner Benjamin Teydi kabi iqtidorli charm to‘p ustalari bilan amaldagi shartnoma muddatlari uzaytirildi.

Yangi yildan so‘ng “Navbahor” futbolchilar Toshkent shahridagi maxsus shifo markazida tibbiy ko‘rikdan o‘tib, Milliy futbol markazi o‘yingohida o‘n kun davomida tayyorgarlik mashg‘ulotlarida ishtirok etdi. 14 yanvar kuni “Navbahor” delegatsiyasi Turkiya davlatiga jo‘nab ketadi. Namanganliklar qishki o‘quv-mashg‘ulot yig‘inining qolgan asosiy qismini Yevropada o‘tkazishi rejalashtirishgan. Biz ko‘hna qit’a safaridan avval, “Navbahor” jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadzega bir nechta savollar bilan murojaat etdik.

– Avvalo, sizni Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi tomonidan e’lon qilingan milliy terma jamoalar bilan ishlaydigan eng yaxshi murabbiylar reytingida e’tirof etilganingiz bilan qutlaymiz.
– Albatta, har qanday murabbiy o‘z mehnati e’tirof etilishini istaydi. Ammo, asosiy e’tibor har doim natija va jamoaning rivojiga qaratilgan bo‘ladi. Jahon sportida yuqori nufuzga ega bo‘lgan “IFFHS” tashkiloti tomonidan e’tirof etilish – bu nafaqat men uchun, balki butun O‘zbekiston futboli uchun muhim yutuq, deb hisoblayman.
– O‘zbekiston milliy terma jamoasi murabbiylar shtabini tark etganingizdan keyin oldingizda bir qator takliflar bo‘ldi. “Navbahor”ni aynan nima uchun tanladingiz?
– Terma jamoamizdan keyin bir qator takliflar bo‘lgani rost. Lekin “Navbahor”ni tanlashim tasodif emas. Bu klubning katta tarixi, o‘ziga xos muxlislari hamda doimo qo‘llab-quvvatlab kelayotgan va yuqori maqsadlar qo‘yadigan rahbariyati bor. Eng muhimi, bu yerda men o‘z futbol falsafamni amalga oshirishim uchun barcha shart-sharoitlar mavjud. Qolaversa, “Navbahor” ikki yildan beri menga qiziqish bildirib kelayotgandi. Rahbariyat bilan ham gaplashdik. Lekin jamoani boshqarishimga asosiy sabab bo‘lgan omil muxlislardir. Chunki, ularning xohishi juda yuqori edi.
– O‘tgan mavsumlarda “Olimpik” klubi va milliy terma jamoada faoliyat yuritgan murabbiy sifatida “Navbahor”ning o‘yinlarini kuzatgansiz, albatta.
– “Navbahor” jamoasi o‘tgan mavsumda barqaror o‘yin namoyish etdi, ayniqsa, ayrim uchrashuvlarda futbolchilarning xarakteri va kurashuvchanligi yaqqol ko‘rindi. Albatta, kamchiliklar ham bo‘lgan, lekin bu tabiiy. Jamoaning salohiyati bor, endi uni to‘g‘ri yo‘naltirish muhim.
– Klub rahbariyati tomonidan 2026 yilda jamoa oldiga qanday maqsadlar, vazifalar va rejalar haqida to‘xtalsangiz.
– Rahbariyat bilan maqsadlar aniq belgilab olingan. Joriy yilgi mavsumda “Navbahor” sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib borishi, shu bilan birga o‘z o‘yin uslubiga ega, barqaror jamoa sifatida shakllanishi kerak. Yangi mavsumga tayyorgarlik rejali va bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Poytaxtdagi va Turkiyada bo‘lajak yig‘inlarda jismoniy tayyorgarlik, taktik jihatlar va jamoaviy o‘yin uyg‘unligiga katta e’tibor qaratamiz.
– Namangan – iste’dodlarga boy maskan. O‘z vaqtida Anvar Soliyev, Shuhrat Mirxoldirshoyev, Odil Ahmedov, Xayrullo Karimov, Saydullo Tursunov, Otabek Pirmatov, Rashid G‘ofurov kabi taniqli charm to‘p ustalari yetishib chiqqan bu zaminda tug‘ilgan yosh avlod vakillaridan Botirali Ergashev, Odil Hamrobekov, Aziz Turg‘unboyev singari futbolchilar ayni paytda boshqa jamoalar a’zosi hisoblanadi. Bunday mahoratli mahalliy futbolchilarni “Navbahor” tarkibiga jalb etish ko‘zda tutilganmi?
– Mahalliy futbolchilarga ishonish va ularni rivojlantirish, klub siyosatida muhim o‘rin tutadi. Agar har qanday mahalliy futbolchi “Navbahor” darajasiga javob bersa va jamoamizga foyda keltirsa, uni jalb etish masalasi doimo ochiq.
– “Navbahor” safida o‘tgan mavsumda chiroyli o‘yinlari bilan muxlislar olqishiga sazovor bo‘lgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Ruslanbek Jiyanovni klubda olib qolish borasida amaliy ishlar qilinyaptimi?
– Ruslanbek Jiyanov chindan ham jamoamiz uchun muhim. Uni Namanganda olib qolish bo‘yicha klub mutasaddilari bilan birgalikda ish olib borilmoqda. Barcha masalalar ikki tomon manfaatini inobatga olgan holda hal qilinadi.
– Taniqli mutaxassislardan Samvel Babayan “Andijon” klubida, Islombek Ismoilov “Neftchi” jamoasida, siz esa “Navbahor”da ish boshladingiz. Bu yil muxlislar chinakamiga vodiy intrigasiga guvoh bo‘lishlari shubhasiz. Qolaversa, “Paxtakor”, “Nasaf”, “Dinamo”, “ОКМК” klublari ham otni qamchilashi aniq. Yangi mavsumda sovrinli o‘rinlar uchun qaysi jamoalarning imkoniyatlarini yuqori baholaysiz?
– Albatta, vodiy jamoalari o‘rtasidagi raqobat har doim qiziqarli bo‘lgan. Bu futbol rivoji uchun faqat ijobiy holat. Shu bilan birga, “Paxtakor”, “Nasaf”, “Dinamo”, “Bunyodkor”, “AGMK” kabi kuchli jamoalar ham doimiy raqib hisoblanadi. Yangi mavsumda superliga va kubok bahslari juda keskin va murosasiz ruhda bo‘ladi, deb o‘ylayman.
O‘zA muxbiri Oqilxon Dadaboyev suhbatlashdi.