"Navbahor”ni qoʻllab-quvvatlaymiz
Futbol boʻyicha Oʻzbekiston XXVIII milliy chempionati superligasi oʻyinlari starti oldidan Namanganning “Navbahor” klubida yangi mavsum taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Futbol boʻyicha Oʻzbekiston XXVIII milliy chempionati superligasi oʻyinlari starti oldidan Namanganning “Navbahor” klubida yangi mavsum taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Viloyat va Namangan shahar hokimligi masʼullari, klub rahbarlari, murabbiylar, futbolchilar, muxlislar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbir avvalida “Navbahor” jamoasining mamlakatimiz futboli tarixida bosib oʻtgan yoʻli, bugungi mavqeidan hikoya qiluvchi hujjatli videolavha namoyish etildi.
Shundan soʻng viloyat hokimi, viloyat futbol federatsiyasi rahbari Xayrullo Bozorov klub jamoasi va futbol muxlislarini yangi mavsum boshlanishi bilan tabriklab, viloyatda sportning ommaviyligini oshirish, shu jumladan, futbol, ayniqsa, bolalar futbolini rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor samara berayotganligini taʼkidladi.
– “Navbahor”chilar bu yilgi mavsumda mamlakatimiz chempionatida gʻolib chiqish barobarida Osiyo chempionlar ligasida ishtirok etish huquqini beruvchi yoʻllanmani qoʻlga kiritishi kerak, – dedi viloyat rahbari. – Bu ezgu maqsad yoʻlida klubimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaymiz.
Tadbirda qayd etildiki, “Navbahor” jamoasining poytaxtimiz va Turkiyada yangi mavsumga tayyorgarlik koʻrishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berildi. Qariyb bir oy davom etgan Yevropa yigʻinida yetakchi jamoalarga qarshi oʻtkazilgan sakkizta oʻrtoqlik uchrashuvida murabbiylar tomonidan “Navbahor” jamoasida toʻp surish uchun 24 nafar futbolchi saralab olindi.
Jamoaga xorijiy legionerlar va bir qator tajribali futbolchilar jalb etilib, sovrinli oʻrinlar uchun kurash olib boradigan kuchli tarkib shakllantirildi. Raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida “Lochinlar” safiga Islom Rashidxonov, Xurshid Muxtorov (“Nasaf”), Javlon Ibrohimov (“Suvon”, Janubiy Koreya), Islom Isoqjonov (“Metallurg”), Tohir Shamsiddinov (“Buxoro”), Ruslan Bolov (“Gomel”, Belarus), Zabixillo Oʻrinboyev (“Tokushima Vortis”, Yaponiya), Sardor Telyakov, Anvar Hojimirzayev (“Istiqlol”) kabi mohir oʻyinchilar jalb qilindi.
Oʻtgan mavsumda Namanganda toʻp surgan Oʻtkir Yusupov, Azimjon Ahmedov, Ivan Solovyov, Gʻiyosjon Komilov, Obid Joʻraboyev, Mirzohid Gʻofurov, Igor Golban, Abbos Gʻulomov, Abdujamol Isroilov, Azizbek Turgʻunboyev, Amirbek Joʻraboyev, Abdulhay Ismoilov, Komil Tojiddinov singari futbolchilar bilan tuzilgan shartnoma muddatlari uzaytirildi. Yoshlar jamoasida mahorat koʻrsatgan Islom Abdullaxonov, Shahzodbek Hamidov va Husayn Ergashboyev asosiy tarkibga kiritildi.
Taqdimotda 2020-yilda “Navbahor” sharafini himoya qiladigan futbolchilarga oʻz raqamlari yozilgan liboslar topshirildi.
– Yangi mavsumda viloyat rahbariyati, xususan, koʻp ming sonli namanganlik futbol muxlislarining umid va ishonchini oqlashga astoydil harakat qilamiz, – dedi klub bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis.
Taniqli soʻz ustasi Iskandar Hamroqulovning ichakuzdi hangomalari, sport sharhlovchisi Xayrullo Hamidovning “Navbahor” klubi aʼzolari va namanganlik futbol muxlislariga bildirgan tilaklari tadbirga yana-da koʻtarinkilik bagʻishladi.
“Navbahor” jamoasi superliga bahslarini 27-fevral, payshanba kuni Toshkentda Oʻzbekiston chempioni “Paxtakor” klubiga qarshi uchrashuv bilan boshlaydi.