Futbol bo‘yicha mamlakat milliy chempionatining superligasi 11-tur doirasida “Navbahor” va “Qo‘qon-1912” jamoalari o‘zaro bellashdi. Namangan shahridagi “Markaziy” o‘yingohda bo‘lib o‘tgan ushbu uchrashuvda ijobiy natijaga erishish har ikki klub uchun ham muhim edi.
“Lochinlar” qatorasiga ikki g‘alabadan so‘ng yuqori kayfiyatda maydonga tushib, turnir jadvalida yuqoriga ko‘tarilishiga imkon yuzaga kelgandi. Qatorasiga ikki bor yengilgan, ammo, yetakchi jamoalarga munosib qarshilik ko‘rsatgan qo‘qonliklar esa kuchli raqib maydonida qandaydir “mo‘’jiza” qilishlari talab etilardi. Katta ustunlik bilan o‘yinga kirishgan mezbonlar mehmonlar darvozasi olida ketma-ket xavfli vaziyatlarni vujudga keltirdi.

21-daqiqada Ruslanbek Jiyanovning burchakdan uzatmasini Igor Gabriel boshi bilan maromiga yetkazib, hisobni ochdi. Ikki daqiqa ichida yana tezkor gol urildi. Keyingi paytlarda chiroyli o‘yinlari bilan muxlislar mehrini qozonayotgan Alisher Odilov qanotdan mehmonlar jarima maydonchasi ichida yonida hozir bo‘lgan Abbosjon G‘ulomovga to‘pni uzatdi va u bu imkoniyatdan to‘liq foydalandi.
Ikkinchi bo‘limni ham hujumkor sur’atda boshlagan “Navbahor” futbolchilari qo‘qonliklarni yana o‘yinni maydon markazidan boshlashga majbur qilishdi. 47-daqiqada maydon egalarining hujumini qaytarish chog‘ida “Qo‘qon-1912” himoyachisi Shahzod Akramov o‘z jarima maydonchasi ichida “Lochinlar” vakili Zabihillo O‘rinboyevga nisbatan qo‘pollik ishlatdi. Bosh hakam Temur To‘xtasinov belgilagan jarima to‘pni Ruslanbek Jiyanov darvozaga aniq yo‘lladi va hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi.

Ikkinchi bo‘limda farg‘onalik futbolchilar hisobni qisqartirish uchun oldinga intildilar. 68-daqiqada qarshi hujumni bartaraf etish chog‘ida “Lochinlar” o‘z jarima maydonida o‘yin qoidasini buzishgani sababli bosh hakam 11-metrli jarima zarbasini “Navbahor” darvozasi tomon ko‘rsatdi. Qo‘qonliklar vakili Jasur Xolto‘rayev darvoza ustunini aniq nishonga oldi. Bu g‘alabadan so‘ng “Navbahor” 20 ochko bilan musobaqa jadvalining to‘rtinchi pog‘onasini mustahkamlab oldi.

– Bugungi bahsda g‘alaba qozonganimizdan xursandman. Yigitlarga rahmat, ajoyib g‘alabaga erishib, muxlislarga quvonch ulashdi. O‘yinning birinchi bo‘lim ko‘proq qiziqarliroq o‘tdi. Ikkinchi bo‘limda esa biroz xotirjamlikka berildik. Raqibning o‘yinini qanchalik o‘rgansang ham, uchrashuvlarda o‘ylagan rejang amalga oshmay qoladi. “Qo‘qon-1912” noqulay va vertikal futbol o‘ynaydigan jamoa. Birinchi bo‘limda yigitlar bir nechta vaziyatlar yaratishdi, ammo, ularning barchasidan foydalana olishmadi. Shunga qaramay g‘alaba qozondik, – dedi matbuot anjumanida “Navbahor” bosh murabbiyi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasining “JCH-2026” saralash bahslaridagi ishtiroki munosabati bilan Superligada qisqa tanaffus e’lon qilindi. Navbatdagi turda “Navbahor” jamoasi Qarshida “Nasaf” bilan bahslashadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA