Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Navbahor" mavsumni yirik g‘alaba bilan boshladi
18:49 / 2023-03-04

Namanganda millionlar o‘yini ixlosmandlari orziqib kutgan onlar - futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy chempionati Superligasi boshlandi. "Markaziy" stadionga maydon egalari "Navbahor" va Navoiy shahrining "Qizilqum" jamoalari saf tortishdi.

Namangan viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi raisi Shavkat Abdurazzoqov har ikki jamoaga yangi mavsumda omad yor bo‘lishini tiladi. Ayniqsa,  Osiyo chempionlar ligasida ishtirok etadigan "Lochinlar"ga xalqaro maydonda hamda mamlakat superligasi va kubok o‘yinlarida munosib natija ko‘rsatishga chaqirdi.

Ta’kidlash joizki, "Navbahor" jamoasi yangi masumga munosib tayyorgarlik ko‘rdi. Ayni qishda qariyib bir yarim oy davomida Samvel Babayan shogirdlari Turkiyada o‘quv yig‘inni olib bordi. Antaliya yig‘inida "navbahor"chilar Serbiya, Rossiya va Qozog‘iston jamoalariga qarshi 8 ta o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi. Murabbiylar shtabi bir qator o‘yinchilarni sinab ko‘rdi. Jamoa safiga o‘nga yaqin charm to‘p ustalari, xususan Serbiya va Chernogoriyadan ikki nafar mohir legioner kelib qo‘shildi. Klub rahbariyati jamoani milliy chempionat va xalqaro arenalarda muvaffaqiyat qozonishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratib berdi.

Stadionga yig‘ilgan o‘n ikki mingdan ortiq muxlislar o‘yin boshlanguniga qadar taniqli xonandalar ijrosidagi konsert dasturidan zavq olishdi. Davlatimiz madhiyasi yangrab,  O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarildi. Bosh hakam Ilgiz Tantashev hushtagi chalinib, o‘yinga start berildi.

Uchrashuvni jamoalar ehtiyotkorlik boshladi, dastlabki o‘n besh daqiqa asosan qisqa masofadagi to‘p uzatishlar bilan maydon markazida kechdi. Sekin-asta raqib darvozasi tomon "yurish" qilgan mezbonlar tezkor hujumlar uyushtirib, raqib himoyachilarini shoshirib qo‘ydi. O‘yinning 19-daqiqasida "Navbahor" futbolchilari tomonidan hisob ochildi. Temurxo‘ja Abduxoliqovning uzatmasidan so‘ng, Jamshid Boltaboyev to‘pni raqib darvozaboni Javohir Ilyosovning oyoqlari orasidan o‘tkazib, darvozaga aniq yo‘lladi - 1:0.

Goldan so‘ng, maydon egalari o‘yin sur’atini oshirishdi. Xavfli vaziyatlar asosan "Qizilqum" jamoasi darvozasi oldida kuzatildi. 28-daqiqada Temurxo‘ja Abduxoliqovning zarbasidan so‘ng, to‘p navoiyliklar darvozasi ustuni yonidan o‘tib ketdi. Oradan to‘rt daqiqa o‘tib uyushtirilgan "hamla" samara bilan yakunlanishiga bir bahya qoldi. Jamshid Iskanderovning boshi bilan darvozaga yo‘llagan zarbasidan so‘ng, to‘pni "oltin izlovchi"lar posboni Javohir Ilyosov qaytarib, maydon tashqarisiga chiqarib yubordi.

Uchrashuvning iikinchi bo‘limi dastlabki daqiqalari 1-taymdagi kabi maydon markazida kechdi. Goh u goh bu jamoalar o‘yin tizigini o‘z qo‘liga olishga intildi. Shunga qaramay namanganlik futbolchilar vaziyatni o‘z nazorati ostida ushladi.

55-daqiqada "Navbahor" uyushtirgan hujumni raqib darvozasi oldida aniq maromiga yetkazib qo‘yadigan "ijrochi" topilgani yo‘q. 57-daqiqada "Qizilqum" vakili Sherali Jo‘rayevning uzoq masofadan yo‘llagan zarbasidan so‘ng, to‘p "Lochinlar" darvozasi to‘sini tepasidan o‘tib ketdi. 69-daqiqada hisob tenglashishi mumkin edi. "Qizilqum" a’zosi Islom Kenjaboyevning jarimadan yo‘llagan kuchli va aniq zarbasini mezbonlar sardori O‘tkir Yusupov egallab oldi.

Bu "ogohlantiruvchi signal"dan ancha jonlangan "Navbahor" jamoasi 73-daqiqada noqulay raqibni o‘yinni yana bir bor maydon markazidan boshlashga majbur qildi. Burchakdan uzatilgan to‘pni Igor Golban boshi bilan darvozaga yo‘lladi - 2:0.  

Oradan ikki daqiqa o‘tar-o‘tmay "Lochinlar" o‘z muxlislariga shodlik ulashib, hisobni yirik ko‘rinishga keltirishdi. "Qizilqum" darvozaboni Javohir Ilyosovning qo‘pol xatosidan keyin Shohruz Norxonov uchinchi golga mualliflik qildi -3:0.

Shunday qilib, o‘z maydonida "Qizilqum"ni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratgan Namanganning "Navbahor" jamoasi yangi mavsumni ko‘tarinki ruhda qarshi oldi. "Lochinlar"  navbatdagi 2-turda 11 mart kuni o‘z maydonida Bekobodning "Metallurg" klubini qabul qiladi.

 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA