Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Navbahor” mavsumga tayyorgarlik ko‘rmoqda
15:42 / 2026-01-28

Ayni kunlarda mamlakatimiz futbol klublari yangi mavsumga munosib hozirlik ko‘rish maqsadida chet el davlatlarida xalqaro yig‘inlarni olib bormoqda. Jumladan, Namanganning “Navbahor” jamoasi Turkiyada o‘quv yig‘in mashg‘ulotlarini o‘tkazmoqda.

Mazkur yig‘in davomida xorijning bir qator klublari bilan xalqaro o‘rtoqlik o‘yinlari tashkil etilmoqda. Ularda asosiy e’tibor natijaga emas, balki klubga jalb etilgan va sinovda bo‘lib turgan yangi futbolchilarni mahoratini sayqallashtirishga qaratilgan. 

“Lochinlar” dastlabki uchrashuvda Serbiya ligasi ishtirokchisi – Krushevasning “Nampredak” jamoasiga qarshi maydonga tushib, 0:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. Vakillarimiz keyingi o‘rtoqlik bahsida Kosovaning yetakchi sovrindor jamoalaridan biri “Malisheva” jamoasi bilan kuch sinashdi. Ruslanbek Jiyanov va Anri Chichinadzening gollari evaziga hisobda oldinga chiqib olgan namanganlik futbolchilar o‘yin yakunida 2:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. 

Temur Kapadze shogirdlari navbatdagi uchrashuvda Shimoliy Makedoniyaning “Pelister” jamoasiga qarshi to‘p suradi. Fevral oyining birinchi yarmiga qadar davom etadigan Turkiya yig‘ini mobaynida “Navbahor” jamoasining xalqaro o‘rtoqlik o‘yinlarida Rossiyaning “Rubin”, “Baltika”, Qozog‘istonning “Aktobe” va Gruziyaning “Dinamo” jamoalari raqiblik qiladi. 

Xorijiy yig‘indan oldin va tayyorgarlik davomida “Lochinlar” safiga Serbiyaning “Radnichki” klubidan Vanya Ilich, Rossiyaning “Orenburg” klubidan Anri Chichinadze, Toshkentning “Bunyodkor” jamoasidan Valijon Rahimov jalb etildi. Ular klub rahbariyati bilan shartnoma imzoladi. 

O‘tgan mavsumda “Lochinlar” sharafini himoya qilgan Azimjon Ahmedov, Komiljon Tojidinov, Asadbek Jo‘raboyev kabi o‘yinchilar jamoani tark etdi. Ma’lumot o‘rnida, hozirda O‘zbekiston milliy terma jamoasining Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida davom etayotgan xalqaro yig‘inida “Navbahor”ning to‘rt nafar vakili – darvozabon O‘tkir Yusupov, himoyachi Dilshod Komilov, yarim himoyachilar Quvondiq Ro‘ziyev va Abbos G‘ulomov ham ishtirok etmoqda. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.