Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Navbahor" keyingi bosqich uchun muhim qadam tashladi
10:35 / 2023-11-07

Osiyo Chempionlar ligasining guruh bosqichida ishtirok etayotgan O‘zbekiston klublari 4-tur o‘yinlarini o‘tkazdi.

Namanganning "Navbahor" jamoasi zafarli odimini davom ettirib, safarda Eronning "Nassaji Mazandaran" klubi ustidan 1:3 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi.

Tehrondagi muhtasham "Ozodi" stadionida bo‘lib o‘tgan ushbu  uchrashuvni hujumkor ruhda boshlagan "Lochinlar" 7-daqiqadayoq hisobni ochishga muayassar bo‘ldi.

Mezbonlar jarima maydonchasi yaqinida boshlangan xavfli vaziyat tufayli mohir hujumchimiz Temurxo‘ja Abduxoliqov to‘pni boshi bilan Igor Golbanga yetkazdi. Tajribali himoyachi esa raqib darvozasi sari kuchli zarba yo‘llab, hisobni ochdi.

Goldan ruhlangan Samvel Babayan shogirdlari o‘yin sur’atini yanada oshirdi. Bahs asosan mezbonlar darvozasi oldida kechdi. Uchrashuv bosh hakami Araki Yusuke bir vaziyatda mehmonlar "hamlasi"ni qaytarish chog‘ida qo‘liga to‘p tekkan eronlik futbolchining xatti-harakatlarini e’tiborga olmay, penalti belgilamadi.

21-daqiqada vakillarimiz ikkinchi golni urishdi. Jismonan kuchli charm to‘p ustasi Ibrohim Yo‘ldoshevning ajoyib uzatmasidan so‘ng, "Navbahor"ning mahoratli yarim himoyachisi Oston O‘runov ikki nafar raqib himoyachisini ortda qoldirgan holda, "Nassaji Mazandaran" jarima maydonchasi ichiga katta tezlikda yorib kirib, eronliklar posbonini dog‘da qoldirdi.

Tanaffusda murabbiylar shtabidan to‘g‘ri ko‘rsatmalarni olib chiqqan namanganlik futbolchilar ikkinchi taymni ham birinchi bo‘limdagi kabi shiddat bilan boshlashdi. Buning natijasida tezkor gol kiritilib, hisob yirik ko‘rinishga keldi.  

Milliy terma jamoamiz va "Navbahor" safida "Yevropacha shiddat" ko‘rsatayotgan Jamshid Iskanderov raqib futbolchisi bilan kurashda yengib, to‘pni jarima maydonchasi ichida hoziru nozir bo‘lgan Oston O‘runovga yetkazib berdi. Oston esa golga chanqoqligini isbotlab, ajoyib uslubda raqib darvozasini ishg‘ol qilib, “dubl” qayd etdi.

O‘z muxlislari qarshisida mehmon jamoaga katta hisobda yengilish mazandaranliklarni qoniqtirmasligi aniq edi. Ayni shu sababdan ham Mehdi Rahmati shogirdlari vaziyatni o‘nglashga intildi. Mezbonlarning bunday urinishlari 68-daqiqaga kelib, o‘z natijasini berdi. Eronlik tajribali "forvard" Muhammadrizo sherigining jarima maydonchasi ichiga havolatib uzatilgan "pasi"dan keyin to‘pni boshi bilan darvozaga aniq yo‘llab, hisobni qisqartirdi.

Shu tariqa, mehmonda muxlislariga xursandchilik ulashgan "Navbahor" OCHL guruh bosqichida safardagi ilk g‘alabasini nishonladi. Qolaversa, Namangan jamoasi mazkur nufuzli musobaqada hozirgacha o‘tkazilgan to‘rtta o‘yinda mag‘lubiyatga uchramagan O‘zbekistonning yagona klubi bo‘lib turibdi. Asosiysi, "Navbahor" jamoasi chiroyli g‘alabadan so‘ng, ochkolarini 10 taga yetkazib, keyingi bosqichga chiqish uchun muhim qadam tashladi.

Darvoqe, ushbu guruhning ikkinchi juftligida Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubi Hindistonda “Mumbay Siti” jamoasini 2:0 hisobida yengib, 10 ochko bilan guruh jadvalini to‘plar nisbatiga ko‘ra, boshqarib turibdi.

– Taxmin qilganimizdek, o‘yin qiyin kechdi. Shunday bo‘lsa-da, g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldik. Ushbu muvaffaqiyat bilan avvalo muxlislarni tabriklayman. Yaxshi va sifatli o‘yin uchun yigitlarga rahmat aytaman. Eronda erishilgan g‘alaba bizga keyingi bosqichga chiqish uchun yaxshi imkoniyat yaratdi, – deydi o‘yindan keyingi matbuot anjumanida "Navbahor" jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan.

Qayd etish joiz, joriy yilning 28 noyabr kuni Namangan shahrida bo‘lib o‘tadigan "Navbahor" – "Al-Hilol" uchrashuvi esa ko‘p narsalarga oydinlik kiritib beradi.

Oqilxon Dadaboyev,  

O‘zA muxbiri