Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Navbahor” ishonchli g‘alabaga erishdi, “Nasaf” yana durang o‘ynadi
10:54 / 2023-11-07

Futbol bo‘yicha Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichining 4-turi doirasida mamlakatimizning uch klubi o‘zining navbatdagi bahslarini o‘tkazdi.

Ushbu uchrashuvlar haqidagi kichik sharhimizni yaxshi xabar bilan boshlaymiz. Musobaqaning “D” guruhidan o‘rin olgan “Nassaji Mozandaron” – “Navbahor” uchrashuvi o‘zbek futbol muxlislari uchun ko‘ngildagidek yakunlandi. Unda “Navbahor” raqiblari ustidan 1:3 hisobida zafar quchdi. O‘yinda Oston O‘runov ikki golga mualliflik qilgan bo‘lsa, yana bir gol Igor Golban tomonidan kiritildi. Maydon egalarining yagona goli Muhammadrizo Ozodi hisobiga yozildi.  

Endi “D” guruhidagi vaziyat haqida. Hozirda "lochinlar"ning ochkolari 10 taga yetdi va guruhda ikkinchi o‘rinda qoldi. Ularning eng yaqin ta’qibchisi “Nassaji Mozandaron” esa 3 ochko bilan uchinchi pog‘onadan joy olgan. Bu esa pley-off masalasi hal bo‘lganini bildiradi. “Navbahor” 28 noyabr kuni guruh g‘olibini aniqlash bahsida “Al-Hilol” bilan o‘z maydonida raqobatlashadi. Har ikki klub ochkolari hozirda teng bo‘lib turibdi, faqatgina “Al-Hilol” to‘plar nisbatiga ko‘ra birinchi o‘rinda bormoqda.  

Qarshining “Nasaf” klubi o‘z maydonida “B” guruhi yetakchisi “Sharja”ni mehmon qildi va 1:1 hisobida durang qayd etdi. Uchrashuvda dastlab mehmonlar futbolchisi  Mussa Marega hisobni ochgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limning 81-daqiqasida Mateus Lima hisobni tenglashtirdi va “Nasaf”ni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Afsuski, Jambuli Jigauri o‘yin boshida penaltidan unumli foydalana olmadi.  

Ushbu jamoalar joy olgan guruhda hamon kurash so‘nggi turgacha davom etishi yanada oydinlashdi. Kechagi uchrashuvlardan so‘ng “Sharja” 8 ochko bilan guruhda birinchi o‘rinda qoldi. “Nasaf” esa 7 ochko bilan ikkinchi o‘rinni mustahkamladi. “Al-Sadd” safarda “Al-Faysali”ga mag‘lub bo‘ldi. Buning natijasida 4 ochko bilan uchinchi pog‘onada qoldi.  “Al-Faysali” esa 4 turdan so‘ng va nihoyat 3 ochkoni qo‘lga kiritdi.  

Endi “Nasaf” o‘z maydonida 27 noyabr kuni “Al-Faysali”ni sinovdan o‘tkazadi. Umid qilamizki, jamoamiz bu o‘yinda g‘alaba qozona oladi.  

Kechagi sharhimizda OCHLning “S” guruhida “OKMK” qolgan uchrashuvlarda g‘alaba qozonsa, hamda boshqa jamoalar ochko yo‘qotsa, pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun biroz imkoniyati qolishini ta’kidlagan edik. Ming afsuski, “Sepaxon” ushbu umidlarimizni puchga chiqardi. Ayamadi. “OKMK” bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov o‘yindan so‘ng aytganidek, biz ham to‘g‘risi nima bo‘lganini tushunmay qoldik.  

To‘g‘ri, har bir jamoa o‘z tarixida yirik hisobda mag‘lub bo‘lgan. Ushbu qora an’ana “OKMK”ni ham chetlab o‘tmadi. Safarda “Sepaxon”ga qarshi o‘tkazilgan o‘yinda Mirjalol Qosimov shogirdlari o‘z darvozalaridan javobsiz 9 ta gol olib chiqdi. O‘yinda Husaynnajod va Alkasir dubl, Ahmadzoda, Asadi, Gorbani, Rizoyan va Muganlular bittadan golga mualliflik qildi. 

Bu yirik hisobdagi g‘alaba “Sepaxon”ni 7 ochko jamg‘argan holda guruhda ikkinchi pog‘onaga olib chiqdi. Navbatdagi bosqich haqida umuman o‘ylash imkoniyati qolmagan  “OKMK” esa 0 ochko bilan so‘nggi pog‘onada bormoqda.    

Ma’lumot uchun, bugun Osiyo chempionlar ligasi 4-turi uchrashuvlari doirasida Toshkentning “Paxtakor” jamoasi Turmaniston klubi “Ahal” mehmoni bo‘ladi. Ushbu bahs Toshkent vaqti bilan soat 19:00da boshlanadi.  

“A” guruhidagi mazkur uchrashuvda har ikki jamoa g‘alaba uchun harakat qiladi. Guruhdagi vaziyatdan kelib chiqadigan bo‘lsak, “Al-Ayn” jamoasi 9 ochko to‘plagan holda birinchi o‘rinda borayotgan bo‘lsa,  “Paxtakor”, “Ahal” va “Al-Feyha” jamoalari bir xil 3 ochkodan to‘plagan. Ular faqatgina to‘plar nisbatiga ko‘ra, o‘rinlarga ajratilgan. Toshkent klubi ayni vaqtda ikkinchi pog‘onada bormoqda. Bu galgi o‘yinlar guruhdagi holatni ancha o‘zgartirishi kutilmoqda.  

 

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA