Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy chempionatining Superligasi reglamenti asosida Professional futbol ligasi barqarorlik reytingini shakllantirib bormoqda. 2027 yilgi mavsumdan e’tiboran mazkur ko‘rsatkichlar bir qator mezonlarga ta’sir ko‘rsatishi ko‘zda tutilgan.
Yangi e’lon qilingan reytinga ko‘ra, so‘nggi besh yillik natijalari bo‘yicha yurtimizning eng yaxshi klublari – “Paxtakor”, “Nasaf” va “Navbahor” bo‘lib turibdi. E’tiborlisi, poytaxt “sherlari” yaqin ta’qibchisidan 18 ochko ilgarilab ketgan. Kuchli beshlikni esa, Olmaliqning “OKMK” va Toshkentning “Bunyodkor” jamoalari yakunlab berishgan.

Qayd etish joiz, so‘nggi besh yillik natijalari 2026 yilgi mavsum so‘nggida yana hisob-kitob qilinadi. Bunda 2021 yilgi mavsum natijalari ayirib tashlanadi va hisoblash 2022 yilgi mavsumdan boshlanadi.
Darvoqe, avvalroq o‘tgan 2025 yilgi mavsum bo‘yicha reyting e’lon qilingan bo‘lib, unda Toshkentning “Paxtakor”, Qarshining “Nasaf” va Samarqandning “Dinamo” klublari dastlabki uchlikdan joy olgandi. “Neftchi” jamoasi garchi chempionlikni qo‘lga kiritgan bo‘lsada, klubning “U-19” va “U-21” chempionatlari, shuningdek, mamlakat kubogidagi natijalari kuchli uchlik uchun kamlik qilgandi.
Ma’lumot o‘rnida: Temur Kapadze boshchiligidagi "Navbahor" jamoasi ayni kunlarda mavsumga tayyorgarlikning ikkinchi bosqichi doirasida Turkiyada xalqaro o‘quv yig‘inini olib bormoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA