Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Navbahor” 24 yillik tanaffusdan so‘ng finalga chiqdi
13:30 / 2022-10-15

Namangan shahridagi “Markaziy” o‘yingohda futbol bo‘yicha O‘zbekiston kubogining yarim finali doirasida mezbon – “Navbahor” va Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoalari bahs olib bordi.

Muxlislar 90+9 daqiqadan iborat o‘yinning asosiy vaqti, unga qo‘shib berilgan 30 daqiqalik “ekstra-taym”lar va "penaltilar seriyasi”ni hayajon bilan tomosha qildi. Bahs shiddatli  bo‘ldi.

Superligada sovrinli o‘rinlar uchun kurashdan deyarli chetga chiqqan “So‘g‘diyona” bor umidini kubok kurashiga tikkanligi ushbu uchrashuvda yaqqol ko‘zga tashlandi.

Bellashuvning 71-daqiqasida mehmonlar himoyachisi Abdujalil Manazarov “Navbahor” a’zosi Davron Hoshimovga nisbatan qo‘pollik ishlatgani sababli ikkinchi marta olingan sariq kartochka tufayli maydondan chetlatildi. “So‘g‘diyona” futbolchilari o‘yinning qolgan vaqtida maydonda bir kishi kam bo‘lib qolganiga qaramay munosib qarshilik ko‘rsatdi.

Uchrashuvning asosiy vaqtida hisob ochilmagach, 15 daqiqalik ikki bo‘limdan iborat “ekstra-taym”larda bahs davom etdi.

Penaltilar bahsida 3:1 hisobida ustun kelgan Namanganning “Navbahor” jamoasi 24  yillik tanaffusdan so‘ng, mamlakat kubogi finaliga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Eslatib o‘tamiz, “Lochinlar” oxirgi marta 1998 yili kubok finaliga chiqib, Farg‘onaning “Neftchi” jamoasini 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan holda, billur sovringa ega chiqqandi.

O‘zbekiston kubogining bu yilgi sohibini aniqlab beradigan final bahsi 30 oktyabr kuni Buxoro shahrida o‘tkaziladi, unda “Navbahor” va “Nasaf” jamoalari g‘oliblik uchun kuch sinashadi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA