NATOning sobiq bosh kotibi Anders Fog Rasmussen Politico jurnaliga maqola e’lon qilib, alyans hududiy bahslar hal qilinmaganiga qaramay, Ukraina va Gruziyaning tashkilotga a’zo bo‘lishi bo‘yicha harakat rejasini taqdim etish kerakligini ta’kidladi.
Uning fikricha, ushbu maqsad uchun hatto, NATOning jamoaviy mudofaa to‘g‘risidagi nizomdagi beshinchi band harakatini cheklash mumkin. "Biz 2008 yilda Gruziya va Ukrainaga NATOdan joy berishga va’da bergandik, endi ushbu va’dani hayotga joriy qilish uchun reja ishlab chiqish vaqti keldi. Agar zarur bo‘lsa, NATO nizomining beshinchi bandiga tuzatish kiritib, mazkur band Kiyev va Tbilisi nazorati ostidagi hududga tegishlidir deyishimiz mumkin", – dedi Rasmussen.
NATO nizomining beshinchi bandiga ko‘ra, "alyansga a’zo mamlakatning biriga yoki bir nechtasiga uyushtirilgan hujum butun NATO davlatlariga uyushtirilgan hujum sifatida qabul qilinadi".
Ukraina Oliy radasi 2014 yil dekabrda mamlakatning bloklarga qo‘shilmaslik maqomidan chiqish bo‘yicha ikkita qonunga o‘zgartirish kiritgan edi. 2016 yil iyunda Kiyev qonunchilikka qo‘shimcha o‘zgartirishni qabul qildi. Unga binoan, Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish bo‘yicha tashqi siyosat maqsadlari belgilab olinadi. 2019 yil fevralda esa, Rada konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritdi, u mamlakatning Yevroittifoqqa va NATOga qo‘shilish masalasiga tegishli bo‘ldi.