Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
NATOga a’zo davlatlar TIV rahbarlarining muhim yig‘ilishi...
11:42 / 2023-04-04

Rossiya-Ukraina

Bugun Bryusseldagi NATO qarorgohida ish boshlaydigan ikki kunlik yig‘ilish davomida a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Ukrainani uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlash dasturini ko‘rib chiqadilar. Tadbirda Ukraina TIV rahbari Dmitriy Kuleba ham ishtirok etadi.

Yens Stoltenberg ma’lumotiga ko‘ra, Shimoliy Atlantika alyansi “shu kungacha Ukrainaga 65 milliard yevroga teng harbiy yordam ko‘rsatdi, zamonaviy tank,zirhli transportyorlar yetkazib bermoqda”.

Uning ta’kidlashicha, mulozimlari bu gal Ukraina Qurolli kuchlarini yanada mustahkamlash, sovet qurollaridan zamonaviy G‘arb aslahalariga o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqishadi.

“Bugun Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi masalasi muhim emas, hozir mamlakatni qo‘llab-quvvatlash zarur. Ukraina keyinchalik safimizda bo‘ladi”, qo‘shimcha qildi Bosh kotib.

Shuningdek, Stoltenberg Ukrainaga qurol-aslaha sotib olish uchun yiliga 500 million yevro ajratilishi masalasi ham ko‘tarilishini qayd etdi, deb yozdi Alyans matbuot xizmati.

YeI tashqi siyosat xizmati rahbari Jozep Borrel Bryusselda Dmitriy Kuleba bilan uchrashgan.

Serbiya Prezidenti Aleksandar Vuchich mamlakatining Ukraina bo‘yicha pozitsiyasidan faxrlanishini bildirib, bu haqda “Happy” telekanali muxbiriga gapirdi: “Serbiya bir yildan ko‘proq davr mobaynida mustaqil siyosat olib borayotganidan mamnunman, biz bundan keyin ham qarashimizni o‘zgartirmaymiz”.
Uning ta’kidlashicha, Belgrad anchadan beri Rossiyaga qarshi sanksiya kiritish to‘g‘ri emasligini aytib keladi.

“TASS” xabariga ko‘ra, Ukraina aprel oyi boshigacha G‘arb mamlakatlaridan 2023 yil va’da qilingan 293 tankdan 57 tasini olgan. Eng ko‘p Germaniya – 18 ta “Leopard” tankini yetkazib bergan. Umuman, Berlin Ukrainaga Daniya va Niderlandiya bilan birga 150 dan ziyod tank taqdim etishni rejalagan.
 Buyuk Britaniya, Polsha, Norvegiya va Portugaliya jangovar mashina berishgan. AQSH, Shvetsiya, Kanada, Ispaniya va Finlandiya 58 tank jo‘natish rejasini bildirgan. Fransiya bu masalada betaraf. Germaniya vitse-kansleri, iqtisodiyot va atrof-muhitni himoya qilish ishlari vaziri Robert Xabek Kiyevga safari davomida hukumatining Ukrainaga qurol-aslaha yetkazib berish qarori kechikkanini tan oldi.

Yangi moliyalashtirish dasturiga ko‘ra, Ukraina Xalqaro valyuta jamg‘armasidan 2.7 milliard dollarlik ilk transhni qabul qilib oldi. Bu haqda mamlakat Milliy banki raisi Andrey Pishniy ma’lum qildi.
31 mart kuni Xalqaro valyuta jamg‘armasi Ukrainaga to‘rt yil uchun 15.6 milliard dollarlik kredit dasturini e’lon qildi.

Qo‘shma Shtatlar hafta oxiriga qadar Ukrainaga yangi harbiy yordam paketini e’lon qiladi, dedi Oq uy Milliy xavfsizlik kengashidagi strategik kommunikatsiyalar muvofiqlashtiruvchisi Jon Kirbi. U yangi to‘plamga qanday qurol, harbiy texnika vositasi kirishiga aniqlik kiritmadi.

“Bularning bari Ukraina ehtiyoji uchun yaraydigan harbiy aslaha”, deya qo‘shimcha qildi mulozim.

Abror XON,

O‘zA